Ma'mun universiteti 2026-2027 o'quv yili uchun qabul jarayonini boshlaydi
Ma'mun universiteti yangi o'quv yilida talabalar uchun yuzlab grantlar, xalqaro almashinuv va ikki diplomli ta'lim dasturlarini taklif etmoqda.
Ma'mun universiteti ta'lim jarayonini mahalliy darajadan global maydonga olib chiqishni maqsad qilgan bo'lib, kelgusi o'quv yili uchun qabul jarayonini e'lon qildi. Oliygoh Avstraliya, Chexiya, Polsha, Indoneziya, Yaponiya, Koreya va Malayziya kabi davlatlardagi TOP-1000 talikka kiruvchi ta'lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik o'rnatgan. Mazkur hamkorlik doirasida talabalar uchun maxsus almashinuv dasturlari yo'lga qo'yilgan.
Xalqaro imkoniyatlar va grantlar
Talabalar uchun xalqaro darajadagi dasturlar doirasida jami 200 ta grant ajratilgan. Bu imkoniyat yoshlarga bir semestr davomida xorijda o'qish, yangi madaniyatni o'rganish hamda ikki diplomli ta'lim loyihasi orqali yakunda ikki diplomga ega bo'lish sharoitini yaratadi. Shuningdek, talabalar yozgi ta'til vaqtini ham samarali tashkil etishlari mumkin. Yaponiya, Koreya, Indoneziya va Malayziyada tashkil etiladigan yozgi maktab dasturlari orqali bilim olish bilan birga sayohat qilish imkoniyati ham mavjud.
Ta'lim sifati va infratuzilma
Universitetning ta'lim sifati xalqaro darajada e'tirof etilgan bo'lib, Germaniyadagi ACQUIN tashkiloti tomonidan berilgan 6 yillik xalqaro akkreditatsiya bitiruvchi diplomlarining ko'plab davlatlarda tan olinishini ta'minlaydi. Talabalar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma qatoriga kampuslab, simulyatsion laboratoriyalar, vivariumlar, startap markazlar va biznes hablar kiradi. Bu esa olingan nazariy bilimlarni amaliy ko'nikmalar bilan boyitishga xizmat qiladi.
Yangi o'quv yili uchun kvotalar
Ma'mun universiteti 2026-2027 o'quv yili uchun mahalliy abituriyentlarga 1000 ta, xorijiy talabalar uchun esa 100 ta grant ajratishini ma'lum qildi. Universitet o'zini shunchaki ta'lim maskani emas, balki keng imkoniyatlar platformasi sifatida namoyon etmoqda.
Manba: Kun.uz



