MISIS universiteti Olmaliq filiali talabalari xalqaro olimpiadada g'olib chiqdi
Toshkent viloyatida o'tkazilgan "MinGeoMod 2026" xalqaro olimpiadasida "MISIS" universiteti Olmaliq filiali jamoasi birinchi o'rinni egalladi.

Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanidagi "Geolog" oromgohida "MinGeoMod 2026" xalqaro olimpiadasi tashkil etildi. O'zbekiston Respublikasi Tog'-kon sanoati va geologiya vazirligi, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda "Micromine Australia" kompaniyasining O'zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida o'tkazilgan musobaqada 11 ta oliy ta'lim muassasasidan 44 nafar talaba ishtirok etdi.
Xalqaro miqyosdagi bilim sinovi
Mazkur ilmiy-amaliy maydonda O'zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Geologiya fanlari universiteti, Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti "MISIS"ning Olmaliq shahridagi filiali, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti jamoalari bilan birga Qozog'iston va Tojikiston davlatlarining nufuzli oliygohlari va professional ta'lim tashkilotlari vakillari ham qatnashdi.
Musobaqaning asosiy maqsadi geologiya va konchilik ishlarida zamonaviy raqamli texnologiyalar, xususan, Micromine dasturiy majmuasidan foydalanish bo'yicha ko'nikmalarni rivojlantirishdan iborat bo'ldi. Ishtirokchilar tayyor algoritm bo'yicha emas, balki haqiqiy geologik-qidiruv ma'lumotlari asosida mustaqil ravishda raqamli geologik model yaratishdi.
G'oliblik va raqamli ko'nikmalar
Olimpiada jarayonida yoshlar burg'ilash quduqlarining boshlang'ich ma'lumotlar bazasini qayta ishlashdan boshlab, ma'dan tanalari chegaralarini aniqlash, uch o'lchamli karkaslarni shakllantirish, blokli model yaratish va oltin tarkibini interpolyatsiya qilish kabi murakkab bosqichlarni bajarishdi.
Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti "MISIS"ning Olmaliq shahridagi filialining "Konchilik ishi" yo'nalishi talabalari X.Turg'unov, O.Umirzoqov, L.Nasrullayev va X.Sanaqulovdan iborat "MacroMiner MISIS" jamoasi oltin tarkibining uch o'lchamli blokli modelini muvaffaqiyatli shakllantirdi. Talabalar bajarilgan har bir texnologik qarorning mazmunini izohlab berishdi.
Musobaqa yakuniga ko'ra, "MacroMiner MISIS" jamoasi xalqaro olimpiadaning birinchi o'rinini qo'lga kiritdi.
Manba: UzA



