MIT doktoranturasiga grant yutgan o'zbekistonlik talaba bilan suhbat
Toshkentlik Munisa Jumanova AQShning dunyo miqyosidagi nufuzli MIT universitetiga to'liq moliyaviy qoplash asosida doktoranturaga qabul qilindi.
Ayni paytda AQShdagi Johns Hopkins universitetining xalqaro munosabatlar va siyosiy iqtisod yo'nalishida o'qib kelayotgan 23 yoshli Munisa Jumanova dunyoning yetakchi oliygohi bo'lgan MIT'ning doktorantura bosqichiga to'liq moliyaviy qoplash asosida qabul qilindi. U o'z tadqiqotlarida Markaziy Osiyodagi demokratlashuv jarayonlari, aholining qarishi, gender siyosati hamda geosiyosiy qaramlik masalalariga e'tibor qaratmoqda.
Oilaviy muhit va tarbiya
Munisa Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug'ilib ulg'aygan. Uning otasi harbiy tizimda xizmat qilgan, onasi esa hozirda ta'lim olishni davom ettirmoqda. Uch farzandli oilada o'qish masalasi doimo birinchi o'rinda turgan va uyda qat'iy intizom saqlangan. Kundalik tartib, vaqtni boshqarish hamda o'qishga bo'lgan munosabat oilaning asosiy tamoyillaridan biri bo'lgan.
Bolalikdagi qat'iy nazorat va mas'uliyat keyinchalik mustaqil ishlash, vaqtni to'g'ri taqsimlash hamda uzoq muddatli maqsadlarga erishish uchun sabr qilishni o'rgatganini ta'kidlaydi.
Xorijda o'qishga qiziqishning boshlanishi
Toshkent shahridagi 49-maktabda tahsil olgan yillaridayoq ingliz tili, matematika va huquq fanlari bo'yicha olimpiadalarda ishtirok etgan. Mustaqil o'qish hamda ilmiy izlanishlarga qiziqish ham aynan maktab davrida shakllangan.
Ingliz tilidagi manbalar va chet eldagi universitetlar haqidagi ma'lumotlar bilan tanishgach, boshqa davlatlarda ham ta'lim olish mumkinligi haqida o'ylay boshlagan. Avvaliga bu erishib bo'lmaydigandek tuyulgan bo'lsa-da, vaqt o'tishi bilan xorijda o'qiyotgan talabalarning tajribalarini o'rganib, bu orzuni aniq maqsadga aylantirgan.
Manba: Kun.uz


