Muhandis talabalar uchun 4 kun nazariy va 2 kun amaliyot tizimi joriy etiladi
Oliy o'quv yurtlarida muhandis kadrlarni tayyorlashda dual ta'lim tizimi yo'lga qo'yilib, talabalar korxonalarda haq to'lanadigan amaliyot o'taydi.
Ko'plab sohalarda ilm real hayotdan uzoqlashib ketgani, qishloq va suv xo'jaligida yirik loyihalarni amalga oshirishda ilmiy asoslash hamda ekspertizaga yetarli cha e'tibor qaratilmayotgani qayd etildi. Olimlar va tadqiqotchilarning salohiyatidan to'liq foydalanilmayotgani bois ba'zi loyihalar kutilgan samarani bermayotgani ta'kidlandi.
Bugungi kunda "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqot universitetida 11 mingdan ortiq talaba ta'lim olmoqda. Mazkur oliygohda 7 ta fakultet, 37 ta kafedra va 38 ta ta'lim yo'nalishi faoliyat yuritib, bitiruvchilarning bandlik darajasi 93 foizni tashkil etadi. Universitetda xorijlik talabalar va professor-o'qituvchilarning soni ham izchil oshib bormoqda.
Dual ta'lim tizimi va amaliyot
Muhandis kadrlarni tayyorlashda nazariya va amaliyot uyg'unligini ta'minlash maqsadida dual ta'lim tizimini keng joriy etish zarurligi ko'rsatib o'tildi. Taklif etilgan yangi tartibga ko'ra, talabalar 4 kun nazariy bilim oladi va 2 kun ishlab chiqarish korxonalarida haq to'lanadigan amaliyot o'taydi.
Jumladan, suv xo'jaligi yo'nalishida suvni tejash va sug'orishni samarali tashkil etish, gidrotexnika va gidroenergetika sohasida kanallarni betonlash, smeta tuzish va kichik gidroelektr stansiyalari qurilishida ishtirok etish ko'zda tutilgan. Shuningdek, qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash yo'nalishida texnikalarni tayyorlash va hosilni yig'ishtirib olish ishlarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.
Xalqaro suv diplomatiyasi va yangi laboratoriyalar
Mamlakat suv resurslarining katta qismi transchegaraviy manbalarga bog'liqligi sababli, bu sohada diplomat kadrlarni tayyorlash muhim strategik vazifalardan biri ekani aytildi. Universitetda tashkil etilgan "Xalqaro suv diplomatiyasi" magistratura dasturini kengaytirish va davlat granti asosidagi qabul o'rinlarini ko'paytirish taklifi ma'qullandi. Bu dastur orqali qo'shni davlatlar uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash ko'zda tutilgan.
Taqdimotda universitetning ilmiy-innovatsion salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslar ham ma'lum qilindi. Xususan, dronlardan foydalanib ekin maydonlarini monitoring qilish, hosildorlikni prognozlashtirish, zararkunandalarga qarshi kurashish kabi xizmatlarni hamda kosmik monitoring ma'lumotlari asosida ilmiy tavsiyalar ishlab chiqishni yo'lga qo'yish rejalashtirilgan. Shu maqsadda universitetda dronlarni boshqarishga o'qitish kurslari joriy etilib, kosmik tadqiqotlar va sun'iy yo'ldoshlar laboratoriyasi hamda kompleks ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etiladi.
Manba: Kun.uz



