O'zbekistonda Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi
Prezident farmoniga muvofiq, bir nechta ilmiy muassasalar negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.
Prezidentning “Farmatsevtika tarmogida ishlab chiqarishni ragbatlantirish va ilmiy tadqiqot jarayonlarini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoniga muvofiq, mamlakatimizda yangi ilmiy muassasa faoliyati yo'lga qo'yiladi. Jumladan, O'zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hamda “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.
Ishlab chiqaruvchilarga beriladigan yengilliklar
Qabul qilingan hujjatga ko'ra, 2026 yil 1 iyundan boshlab farmatsevtika va boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun qator yengilliklar tatbiq etiladi. Xususan, soliqlar va yig'imlar bo'yicha bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarigacha qarzdorligi mavjud bo'lgan korxonalarga davlat xaridlarida qatnashishga ruxsat beriladi. Agar qarzdorlik ko'rsatilgan miqdordan oshsa, u holda mazkur qarz shakllangan kundan boshlab 10 kun ichida davlat xaridlarida ishtirok etish imkoniyati saqlanib qoladi.
Yangi talablar va raqamli markirovka
Shuningdek, 2028 yil 1 yanvardan boshlab biologik faol qo'shimchalar yo'nalishida qo'shimcha talablar kuchga kiradi. Ushbu mahsulotlarga ruxsatnoma berishda Xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari tizimini joriy etgan bo'lish talabi qo'yiladi. Bundan tashqari, mazkur mahsulotlar majburiy tartibda raqamli markirovkadan o'tkazilishi shart.
Ushbu chora-tadbirlar farmatsevtika tarmog'ida ilmiy salohiyatni kuchaytirish, mahalliy ishlab chiqarishni qo'llab-quvvatlash hamda biofarmatsevtika sohasida innovatsion ishlanmalarni keng joriy etishga xizmat qiladi.
Manba: Kun.uz



