Farg'onadagi maxsus texnikumda o'quvchilar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar
Farg'ona imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumida o'quvchilar kasb-hunar va tadbirkorlikka o'rgatilmoqda.

Farg'ona imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumida bugungi kunda 450 nafar o'quvchi ta'lim olib, turli kasb-hunarlarga o'rgatilmoqda. 2024-2025 o'quv yilida mazkur muassasa bitiruvchilaridan 27 nafari oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirgan, 17 nafari davlat tashkilotlariga ishga joylashgan bo'lsa, 16 nafari tadbirkorlik bilan shug'ullanib o'zini band qilgan. Shuningdek, 2025-yilda kasblar olimpiadasida qatnashgan "Tikuvchilik" yo'nalishidan 2 nafar hamda "Raqamli axborotlarni qayta ishlash" yo'nalishidan 4 nafar o'quvchi Respublika olimpiadasida 1-o'rinni qo'lga kiritgan.
O'zbekiston Respublikasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o'tgach, texnikumda 21 milliard so'm mablag' sarflanib, bino va inshootlar mukammal ta'mirlandi. Shuningdek, 3 milliard so'mlik o'quv va ustaxona jihozlari o'rnatildi. Natijada ilgari 7 ta bo'lgan kasb yo'nalishlari soni 16 taga yetkazildi. O'quvchilarni kasbga o'rgatish bilan bir qatorda tadbirkorlikka yo'naltirish ham yo'lga qo'yilib, 16 nafar sohaga oid tadbirkorlar hamkor sifatida jalb etildi.
Dual ta'lim va ishlab chiqarish amaliyoti
Tadbirkorlar o'quvchilarga amaliy faoliyatdagi muammolarni hal etish yo'llarini o'rgatmoqda. O'quvchilar ma'lum malakaga ega bo'lgach, ularning bandligi ta'minlanmoqda. Jumladan, 12 nafar o'quvchi o'qishdan so'ng tikuvchilik yo'nalishi bo'yicha ishga qabul qilinib, tegishli tartibda ro'yxatdan o'tkazildi. Ta'limni ishlab chiqarish bilan bog'lash maqsadida "UZSALAMAN" AJ korxonasi bilan tuzilgan shartnoma asosida "Poyabzal ishi" yo'nalishi o'quvchilarining amaliyot o'tashi tashkil etildi.
Moliyaviy savodxonlik va chet tillari
O'quvchilarning iqtisodiy bilimlari va moliyaviy ko'nikmalarini oshirish uchun viloyat savdo-sanoat palatasi hamda bank muassasalari bilan hamkorlik qilinmoqda. Haftada bir marta tashrif buyuradigan mutaxassislar imtiyozlardan foydalanish yo'llarini o'rgatib, tayyorlangan loyihalarni tahlil qilmoqda va kredit olish tartiblarini tushuntirmoqda. Savdo-sanoat palatasi tomonidan bir oy davomida o'qitilgan o'quvchilarga tadbirkorlik faoliyati yuritish huquqini beruvchi sertifikat taqdim etiladi.
Shuningdek, yoshlarning xorijiy tillarni o'rganishi uchun o'quv markazlari bilan hamkorlikda ingliz, turk va koreys tillari o'qitilmoqda.
"Onalar maktabi" loyihasi
Texnikumda noan'anaviy ijtimoiy loyiha sifatida "Onalar maktabi" faoliyati yo'lga qo'yildi. Loyihaning asosiy maqsadi onalarning ruhiy holatini o'rganish, ona va nogiron farzand o'rtasidagi munosabatlarni tahlil qilish hamda zarur choralar ko'rishdan iborat. Shuningdek, onalarga farzandlari texnikumni tamomlagach amalga oshirishi lozim bo'lgan ishlar yuzasidan maslahatlar berilmoqda.
Manba: UzA

