Namangan shahri xalqaro biologiya olimpiadasiga mezbonlik qilmoqda
Namanganda Abu Ali Ibn Sino xalqaro biologiya olimpiadasi boshlandi. Unda o'ndan ortiq davlatdan iqtidorli o'quvchilar qatnashmoqda.

Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashga qaratilgan e'tibor doirasida Namangan shahri nufuzli xalqaro musobaqaga mezbonlik qilmoqda. Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tashabbusi bilan yo'lga qo'yilgan Abu Ali Ibn Sino xalqaro biologiya olimpiadasi umumta'lim maktablari o'quvchilarining bilimini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ochilish marosimi va ishtirokchilar
Dunyo yoshlarini jamlagan AIBO xalqaro biologiya olimpiadasining tantanali ochilish marosimida olimlar, xalqaro ekspertlar, oliy ta'lim muassasalari rektorlari, professor-o'qituvchilar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. Tadbirda Namangan viloyat hokimining tabrigi o'qib eshittirildi. Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi direktori Sevara Shokirova hamda Namangan viloyati hokimining o'rinbosari Otabek Bozorov ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Ishtirokchi davlatlar va sinov jarayonlari
Tabiiy fanlar turkumiga kiruvchi mazkur bilimlar sinovida mamlakatimizning turli hududlaridan saralangan bilimdonlar bilan bir qatorda Turkiya, Tailand, Malayziya, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Belarus, Mo'g'uliston, Qozog'iston, Qirg'iz Respublikasi, Tojikiston va Turkmaniston kabi o'ndan ortiq davlatdan kelgan 100 nafarga yaqin iqtidorli o'quvchi o'zaro bahslashmoqda.
To'raqo'rg'on tumani ixtisoslashtirilgan maktabining 10-sinf o'quvchisi Islomjon Rahmonjonovning so'zlariga ko'ra, tabiiy fanlarga bo'lgan mehr va maktab, tuman, viloyat hamda respublika fan olimpiadalaridagi yuqori natijalar unga xalqaro darajaga chiqishda muhim turtki bo'lgan. O'zbekiston terma jamoasi a'zolari hal qiluvchi sinovlarga jiddiy tayyorgarlik ko'rgan. Ma'lum qilinishicha, nufuzli olimpiadaning nazariy va amaliy bosqichlari Namangan shahridagi “TURAN” xalqaro universitetida o'tkaziladi.
Manba: UzA



