Namanganda inklyuziv ta'lim pedagoglari o'rtasida tanlov o'tkazildi
Namangan viloyatida umumta'lim maktablarining inklyuziv sinflarida ishlaydigan maxsus pedagoglar o'rtasida ko'rik-tanlov bo'lib o'tdi.

Mamlakatimizda fidoyi va tashabbuskor ustozlarni qo'llab-quvratlash, shuningdek, ularning mehnatini munosib baholashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, imkoniyati cheklangan bolalarga tarbiya berib, ularni jamiyatga moslashtirishda mehnat qilayotgan maxsus pedagoglarning hissasi katta. ## Tanlovning viloyat bosqichi
Shu maqsadda umumta'lim muassasalarining inklyuziv ta'lim sinflarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar o'rtasida "Yilning eng faol maxsus pedagogi" tanlovining viloyat bosqichi tashkil etildi. Namangan shahridagi 3-sonli maktabda o'tkazilgan tadbirda Respublika tashxis markazi direktori Liliya Gaynutdinova hamda Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari Xayrullo Abdurahmonov ishtirok etdi. Mas'ullarning ta'kidlashicha, mazkur ko'rik-tanlov jonkuyar ustozlarni rag'batlantirish, ularning ilg'or tajribalarini ommalashtirish hamda kasbiy mahoratini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, u orqali pedagoglarning innovatsion yondashuvi va ijodkorligi keng jamoatchilikka tanitiladi. ## Ishtirokchilar va shartlar
Ma'lum qilinishicha, musobaqaning hududiy bosqichlarida viloyatdagi 351 ta maktabdan eng faol pedagoglar qatnashgan. Viloyat bosqichida esa 14 nafar ishtirokchi g'oliblik uchun o'zaro kurash olib bordi. Bellashuv davomida qatnashchilar amaliy ochiq korreksion-rivojlantiruvchi mashg'ulot o'tishdi, "Mening pedagogik faoliyatim" mavzusida taqdimot qilishdi hamda kasbiy bilim va kompetensiyalari sinovidan o'tishdi. ## G'olib aniqlandi
Barcha shartlar yakuniga ko'ra, Uychi tumanidagi 23-sonli umumta'lim maktabining maxsus pedagogi Xurshida Shamsiddinova eng yuqori natijani ko'rsatib, g'olib deb topildi. Unga joriy yil avgust oyida o'tkazilishi rejalashtirilgan "Inklyuziv ta'limni rivojlantirish: muammolar va innovatsion yechimlar" nomli respublika konferensiyasida qatnashish huquqi taqdim etildi.
Manba: UzA


