O'qituvchilik kasbi va ta'lim sohasidagi islohotlar haqida mulohazalar
Bolalikdagi o'qituvchilik orzulari, o'tgan yillardagi soha muammolari va Bugungi Yangi O'zbekistonda ustozlar nufuzini oshirishga qaratilgan islohotlar tahlili.

Olti yosh paytlarimdayoq murg'ak qalbimda o'qituvchi bo'lish istagi tug'ilgandi. Bu shunchaki bolalarcha havas emas, balki mahalla bolalarini safga turg'azib, bog'cha opamdan o'rgangan harflarni ularga ham o'rgatadigan jiddiy mashg'ulot edi. Hatto uy devoriga harflar yozib, xayoliy o'quvchilarimga dars bergan paytlarim bo'lgan. Maktabga chiqqach, ustozimga qiziqishim yanada ortdi, biroq hayot haqiqatlari boshqacha edi. Sinfimizda qirq nafar o'quvchi bor bo'lib, o'qituvchining qirqta tashvishi mavjud edi. Sentabr oyida boshlanishi lozim bo'lgan o'quv yili ba'zan paxta terimi sababli izdan chiqar, dars o'rniga dalaga chiqishga to'g'ri kelardi. O'quvchilar temir-tersak ham yig'ishar edi va bu ishlarni bajarmasak o'qituvchining maoshidan ushlab qolinishi mumkinligi haqida gaplar quloqqa chalinar edi. O'qituvchining mehnati bilan uning qadri o'rtasidagi tafovut, vaqti va kuch-g'ayrati ta'limga aloqador bo'lmagan yumushlarga sarflangani bolalikdagi orzumga soya solib, bu kasbni tanlamasligimga sabab bo'lgan. Oliy ta'limga kirishni maqsad qilganimda dadamning "Senda pedagogik mahorat bor, o'qituvchi bo'l, zamonlar kelib ta'lim o'zgaradi" degan maslahatiga quloq solmaganim uchun hozir afsuslanaman.
Ta'limdagi yangi o'zgarishlar va islohotlar
Bugungi kunda Yangi O'zbekistonda barcha jabhada, jumladan, ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ko'rib, dadamning so'zlari yodimga tushadi. So'nggi yillarda maktabgacha va maktab ta'limini rivojlantirish, o'qituvchilar mehnatini rag'batlantirish hamda kasb nufuzini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Hukumat qarorlariga asosan ustozlarga moliyaviy rag'batlantirish va ustamalar, ijtimoiy himoya hamda uy-joy imtiyozlari berilmoqda. Shuningdek, farzandlarining shartnoma to'lovlarida chegirmalar, oila a'zolari uchun davlat xizmatlarida ellik foizli chegirma, transport chiptalariga imtiyozlar, xorijda stajirovka o'tash va yosh kadrlarga avtomatik toifa berilishi belgilangan.
Sifatli ta'lim va ustoz nufuzi
Albatta, islohotlarni faqat bino, jihoz yoki maosh bilan o'lchab bo'lmaydi. Zamonaviy sinfxona va munosib ish haqi muhim, biroq ularning barchasi sifatli ta'limga xizmat qilishi zarur. O'qituvchi o'zini shunchaki vazifalar ijrochisi emas, balki bolaning ma'naviy kamoloti uchun mas'ul mutaxassis deb his qilishi kerak. Uning vaqtini ortiqcha yumushlar emas, darsga tayyorgarlik va o'quvchi bilan ishlash to'ldirishi lozim. Chunki bolaning kelajakda kasb tanlashiga ko'pincha ustozning bir og'iz gapi va munosabati ta'sir qiladi. Bugun biror bola ustozining qadrsizlanganini ko'rib o'z orzusidan voz kechmasligini istayman. Ustozning qadri yuksalgan joyda ta'lim sifatiga ishonch ortadi, zero xalqimizda "Ustoz otangdek ulug'" degan hikmat bekorga aytilmagan.
Manba: UzA


