Nukus davlat pedagogika institutida dual ta'lim shakli boshlandi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida maktabgacha ta'lim yo'nalishi bo'yicha dual ta'lim joriy etildi.

2026-2027 o'quv yilidan boshlab Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bakalavriat bosqichining maktabgacha ta'lim yo'nalishi bo'yicha dual ta'lim shakli yo'lga qo'yildi. Ushbu yangi ta'lim shakliga maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ishlayotgan o'rta maxsus ma'lumotli 400 nafardan ortiq pedagog kadrlar qabul qilindi. Shu munosabat bilan oliygohda mazkur yo'nalishga qabul qilingan o'qituvchilar uchun maxsus tanishtiruv darsi o'tkazildi.
Tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining Pedagog kadrlarni tayyorlash va kasbiy rivojlantirish sektori vakillari, institut bo'lim boshliqlari hamda Maktabgacha va boshlang'ich ta'lim fakulteti mas'ullari qatnashdi. Tanishtiruv darsi davomida ishtirokchilarga dual ta'limning mazmun-mohiyati, uni tashkil etish tartibi, o'quv jarayonining o'ziga xos xususiyatlari va talabalar uchun yaratiladigan qulayliklar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Mashg'ulotlar qanday tashkil etiladi?
Ma'lum qilinishicha, o'quv mashg'ulotlari shahar va tumanlar kesimida markazlashgan tartibda olib boriladi. Bunda Nukus shahri, shuningdek, Chimboy, Qo'ng'irot va Ellikqal'a tumanlaridagi tayanch maktabgacha va maktab ta'limi muassasalari o'quv jarayonlari uchun bazaviy maskan etib belgilandi.
Manba: UzA



