Nukus davlat pedagogika institutida talabalarni yotoqxona va ijara uylar bilan ta'minlash markazi ish boshladi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talabalarni turar joy va ijara uylari bilan ta'minlash uchun maxsus ma'lumotlar markazi tashkil etildi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yangi o'quv yili arafasida talabalarni turar joy bilan ta'minlash ishlarini muvofiqlashtirish va navbatlar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida maxsus ma'lumotlar markazi tashkil etildi. Ushbu markazda tyutorlar, ko'ngillilar va tegishli bo'lim mutaxassislari tomonidan yotoqxonaga ehtiyoji bor yoxud ijara uy izlayotgan yoshlarga amaliy yordam ko'rsatilmoqda.
Yotoqxonalar va ijara uylari tayyorgarligi
Yangi o'quv yili boshlanishi munosabati bilan Nukus shahrida qizlar uchun 1 ming 76 o'rinli hamda o'g'il bolalar uchun 93 o'rinli talabalar turar joyi foydalanishga shay holatga keltirildi. Shuningdek, Ellikqal'a tumanida ham 225 o'rinli yotoqxona tayyorlandi. Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosida 100, 400 hamda 362 o'rinlarga mo'ljallangan uchta yangi talabalar turar joyi o'quvchilar qabulini boshladi. Oliygoh atrofidagi mahallalarda joylashgan 500 dan ortiq ijara uylarning sharoitlari ham o'rganib chiqilib, yangi o'quv yiliga tayyorlab qo'yildi.
Arizalar qabul qilish tartibi
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan reglamentga asosan, talabalarning turar joylarga joylashish bo'yicha ariza topshirish jarayoni joriy yilning 1-avgust sanasidan e'tiboran Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali amalga oshirilmoqda. Tasdiqlangan tartibga ko'ra, yotoqxonalarga dastlab imtiyoz hamda ustunlik huquqiga ega bo'lgan nomzodlar qabul qilinadi.
Manba: UzA



