Nukusda talabalar va bitiruvchilar uchun “TalabaExpo – 2026” kasbiy ko'rgazmasi o'tkazildi
Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida o'tkazilgan “TalabaExpo – 2026” ko'rgazmasida mingdan ortiq bo'sh ish o'rinlari taqdim etildi.

Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida “TalabaExpo – 2026” kasbiy ko'rgazmasi tashkil etildi. Mazkur tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Orolbo'yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo'yicha maslahatchisi T.Xudaybergenov ishtirok etdi.
Ko'rgazma-yarmarkada jami 212 ta muassasa va korxona 1 ming 500 dan ortiq bo'sh ish o'rni bilan qatnashdi. Shuningdek, yoshlarga o'z biznesini boshlash va o'zini o'zi band qilish uchun 100 ga yaqin zarur asbob-uskuna, shuningdek, tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit paketlari taqdim qilindi.
Tadbir doirasidagi asosiy faoliyatlar
Ishtirokchilar uchun bo'sh ish o'rinlari yarmarkasi, ish beruvchilar bilan uchrashuvlar, amaliyot va stajirovka dasturlari bo'yicha taqdimotlar hamda startap loyihalar ko'rgazmasi uyushtirildi. Shuningdek, “Kelajakka qadam” dasturi asosida imtiyozli kredit olish imkoniyatlari tushuntirilib, biznesni rivojlantirish bo'yicha amaliy treninglar o'tkazildi.
“O'zmilliybank” tomonidan moliyaviy savodxonlik va imtiyozli kreditlar mavzusida seminarlar tashkil etildi. Tajribali tadbirkorlar va mutaxassislar talaba-yoshlar hamda bitiruvchilarning kasbiy rivojlanishini qo'llab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlik asoslari, karerani rejalashtirish, shaxsiy brendni shakllantirish, soft skills ko'nikmalarini rivojlantirish bo'yicha o'z tavsiyalarini berdi. Tadbir doirasida “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti ham bo'lib o'tdi.
Ushbu ko'rgazma bitiruvchi yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning bandligini ta'minlash, qiziqishiga mos kasb tanlashi hamda bilim va ko'nikmalarini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Manba: UzA



