Akademik litsey o'quvchilari BMTning Jenevadagi qarorgohida bo'ldi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi o'quvchilari BMTning Jenevadagi shtab-kvartirasiga tashrif buyurdi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi o'quvchilari uchun maxsus tashkil etilgan o'quv dasturi doirasidagi xalqaro safarlar boshlandi. Dasturning dastlabki manzili Shveysariyaning Jeneva shahri bo'lib, unda yoshlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropadagi shtab-kvartirasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Xalqaro tashkilot faoliyati bilan tanishuv
Safar davomida o'quvchilarga BMTning Jenevadagi faoliyati, uning asosiy vazifalari va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi o'rni haqida batafsil ma'lumot berildi. Shuningdek, tashkilotning tarixi, tuzilmasi, inson huquqlarini himoya qilish, tinchlik hamda xavfsizlikni ta'minlash, barqaror rivojlanish va gumanitar sohalardagi ishlari haqida so'zlab berildi.
Delegatsiya a'zolari BMTning tarixiy majlis zallari, konferensiya xonalari hamda muzey ekspozitsiyalarini ko'zdan kechirdi. O'quvchilar xalqaro diplomatiya, ko'p tomonlama muzokaralar jarayoni va zamonaviy xalqaro munosabatlardagi BMT tizimining o'rni yuzasidan o'zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar. Mazkur tashrif yoshlarning xalqaro munosabatlar va global boshqaruv tizimi bo'yicha bilimlarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Germaniya OTMlariga rejalashtirilgan tashrif
Dasturning keyingi bosqichida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi o'quvchilarining Germaniyaning bir qator yetakchi oliy ta'lim muassasalariga borishi ko'zda tutilgan. Ular bu yerda ta'lim tizimi, ilmiy salohiyat va akademik faoliyat bilan yaqindan tanishishi rejalashtirilgan.
Manba: UzA



