Nukusdagi maktabda jadidlar ma'rifat muzeyi ochildi
Nukus shahridagi 9-sonli maktabda 21-oktabr – O'zbek tili bayrami munosabati bilan jadidlar muzeyi tashkil etildi.

Qoraqalpog'iston Respublikasining Nukus shahridagi 9-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabida jadidlar muzeyi o'z faoliyatini boshladi. Ushbu tashabbus 21-oktabr – O'zbek tili bayrami kuni munosabati bilan amalga oshirildi.
Ma'lumki, jadidchilik namoyandalari xalqni ilm-ma'rifatga chorlab, millat ozodligi, ravnaqi va kelajagi yo'lida fidokorona kurash olib borgan ma'rifatparvarlardir. Ular o'z davrida ta'lim tizimini yangilash, yosh avlodni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan qurollantirish hamda aholining ma'naviy saviyasini yuksaltirishga ulkan hissa qo'shgan.
Muzeyning ochilish marosimida so'zga chiqqanlar jadid bobolarning ta'limni rivojlantirish, milliy o'zlikni anglash va yoshlarni tarbiyalashdagi xizmatlari beqiyosligini alohida ta'kidladilar. Ularning ezgu g'oyalari bugungi kunda ham o'z dolzarbligini yo'qotmagani, yosh avlodni jadidlar merosidan ibrat olgan holda Vatan taraqqiyoti uchun mas'uliyatli va bilimli insonlar etib tarbiyalash muhimligi qayd etildi.
Yangi tashkil etilgan muzey fondidan 500 dan ortiq eksponat o'rin olgan. Mazkur экспонатlar vositasida o'quvchilar jadidlarning hayot yo'li, ma'rifatparvarlik faoliyati va millat ravnaqi yo'lidagi fidoyiligi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'ladilar. Ochilish tadbiri davomida maktab o'quvchilari tomonidan jadid bobolarimizning hayoti hamda faoliyatini ochib beruvchi sahna ko'rinishlari namoyish etildi.
Manba: UzA


