Ijtimoiy xodimlarga malaka sertifikatlarini berishning yangi ma'muriy reglamenti tasdiqlandi
Hukumat qarori bilan ijtimoiy xodimlarga malaka sertifikati berish tartibi va talablari belgilandi.

Hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlangan ma'muriy reglamentga asosan, ijtimoiy xodimlarga malaka sertifikatlarini taqdim etish tartibi belgilab qo'yildi. 2024-yil 4-sentyabrda qabul qilingan mazkur hujjatga muvofiq, bu jarayon Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Malaka toifalari va talablar
Qarorga binoan, malaka sertifikatlari nazorat sinovlari natijalariga ko'ra quyidagi bosqichlarda beriladi:
- 1 yillik maxsus ish stajiga ega talabgorlarga III toifali malaka sertifikati;
- 2 yillik maxsus ish stajiga ega talabgorlarga II toifali malaka sertifikati;
- 3 yillik maxsus ish stajiga ega talabgorlarga I toifali malaka sertifikati.
Bunda III toifali malaka sertifikatini qo'lga kiritish uchun oliy ma'lumot talab etiladi. II hamda I toifali sertifikatlar uchun esa mutaxassisdan tegishli yo'nalishdagi oliy ma'lumot bo'lishi shart. Ushbu hujjat 5 yil muddatga beriladi.
Sinov jarayoni va baholash
Sertifikat olish istagida bo'lgan shaxslar vakolatli organning kamida 36 akademik soatlik o'quv kurslarida malakasini oshirishi talab etiladi. Nazorat sinovlari odatda har chorakda bir marotaba tashkil etiladi.
Talabgorlarning bilimi test sinovlari hamda keys tahlili orqali jami 100 ballik tizimda baholanadi. Sinov natijalariga ko'ra 70 va undan yuqori ball to'play olgan talabgorlar imtihondan muvaffaqiyatli o'tgan deb topiladi.
Manba: UzA


