Oliy ta'lim muassasalarida 2026-2027-o'quv yili boshlandi
O'zbekistondagi barcha oliy ta'lim maskanlarida oldindan rejalashtirilgandek yangi o'quv yili o'z ishini boshladi.

Mamlakatimizdagi barcha oliy ta'lim muassasalarida bo'lgani kabi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida ham 2026-2027-o'quv yili o'z faoliyatini boshladi.
Joriy yilgi qabul natijalariga ko'ra, mazkur universitetning 11 ta ta'lim yo'nalishi bo'yicha jami 1 077 nafar yoshlar birinchi bosqich talabaligiga tavsiya etildi. Ulardan 783 nafari kunduzgi, 214 nafari kechki hamda 80 nafari masofaviy ta'lim shaklida o'qishini davom ettiradi. Shuningdek, talabalarning 260 nafari davlat granti asosida, 817 nafari esa to'lov-shartnoma asosida talabalikka qabul qilingan. Ayni paytda qo'shimcha qabul jarayonlari davom etayotgani sababli, 1-bosqich talabalarining umumiy soni yana ortishi kutilmoqda.
Universitetning xalqaro nufuzi va yutuqlari
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti nafaqat yurtimizda, balki xalqaro akademik maydonda ham o'z o'rniga ega ilm-fan markazlaridan biridir. Oliygohning THE Impact Rankings reytingida 2022-yildagi 1000+ o'rindan 2024-yilda TOP-101+ pog'onaga ko'tarilgani, gender tengligi yo'nalishida dunyoda 8-o'rinni, sifatli ta'lim bo'yicha esa 28-o'rinni egallagani uning salohiyatini ko'rsatadi. Bundan tashqari, QS reytingining "Zamonaviy tillar" yo'nalishi bo'yicha dunyoning TOP-251+ universitetlari qatoridan joy olgan.
Universitetning Oksford universitetidagi "O'zbekshunoslik dasturi", Italiyaning Ka-Foskari universitetidagi "O'zbekiston burchagi", dunyoning turli mamlakatlaridagi o'zbek tili va madaniyati markazlari hamda xalqaro ilmiy loyihalari yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Endilikda ana shu yutuqlarning munosib davomchisi bo'lish yangi avlod talabalariga nasib etdi.
Manba: UzA



