Oliy o'quv yurtlarida to'lov-kontrakt mablag'larini o'tkazish muddatlari ma'lum qilindi
Talabalar uchun o'qish uchun to'lov-kontrakt summalarini bosqichma-bosqich to'lash muddatlari va ularni uzaytirish tartiblari belgilandi.
Mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalarida o'qish uchun to'lov-kontrakt mablag'larini o'tkazishning amaldagi muddatlari va shartlari tasdiqlandi. Unga ko'ra, talabalar o'qish qiymatini qismlarga bo'lib to'lash imkoniyatiga ega.
To'lov muddatlari
- Birinchi kurs talabalari uchun kontrakt summasining dastlabki 25 foizini to'lash muddati 15-sentabrgacha etib belgilangan.
- Ikkinchi va undan yuqori kursda tahsil olayotgan yoshlar uchun esa ilk 25 foizlik to'lovni amalga oshirish muddati 1-oktabrgacha etib belgilandi.
Keyingi bosqichlardagi to'lovlar ham belgilangan jadval asosida bajarilishi lozim. Jumladan, umumiy kontrakt summasining 50 foizi 1-yanvargacha, 75 foizi 1-martgaacha hamda to'liq 100 foiz qismi 1-maygacha to'lanishi shart.
Muddatlarni uzaytirish tartibi
Zarurat tug'ilganda belgilangan to'lov muddatlarini uzaytirish imkoniyati ham ko'zda tutilgan. Xususan, birinchi kursga qabul qilingan talabalar uchun dastlabki to'lov muddatini uzaytirish vakolati Davlat qabul komissiyasiga berilgan. Qolgan barcha holatlarda esa to'lov muddatlarini oliy ta'lim muassasalarining rektorlari uzaytirishi mumkin.
Ayni paytda moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta'lim muassasalari va nodavlat oliygohlar kontrakt miqdori hamda uni to'lash muddatlarini mustaqil belgilash huquqiga ega. Shuningdek, talabalar shartnoma olish uchun kontrakt.edu.uz elektron tizimi orqali ariza yuborishlari mumkin.
Super-kontrakt shartlari
Kontraktni qismlarga bo'lib to'lash imkoniyati tabaqalashtirilgan to'lov-kontrakt, yani super-kontrakt uchun ham amal qiladi. Biroq super-kontrakt asosida o'qishni rejalashtirayotgan abituriyentlar dastlab belgilangan summaning 50 foizini to'lashi talab etiladi. Shundan keyingina kontraktning qolgan qismini umumiy tartib asosida bo'lib to'lash imkoniyati beriladi.
Manba: Kun.uz



