Sirdaryo tumanida inklyuzviy va maxsus ta'lim milliy forumi o'tkazildi
Sirdaryo tumanidagi 10-sonli maktab-internatida inklyuziv ta'limni rivojlantirishga bag'ishlangan milliy forum bo'lib o'tdi.

Sirdaryo tumanidagi 10-sonli ko'p tarmoqli maktab-internatida «Har bir imkoniyat — yangi kelajak sari qadam» shiori ostida «Inklyuziya va maxsus ta'lim milliy forumi» bo'lib o'tdi. Ushbu tadbir O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-avgustdagi «Alohida ta'limga ehtiyoji bo'lgan bolalarni ta'lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarorida ko'rsatilgan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.
Forumning asosiy maqsadlari va qatnashchilari
1-vazifa doirasida o'tkazilgan tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar uchun sifatli ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratish hamda inklyuziv ta'limni amaliyotga keng tatbiq etishdan iborat bo'ldi. Unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi vakillari, umumta'lim maktablari direktorlari va ularning o'rinbosarlari, maxsus pedagoglar hamda psixologlar qatnashdilar.
Tadbirda so'zga chiqqan Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi shu'ba mudiri Nargiza Turdimurodova inklyuziv ta'lim tushunchasi faqat o'qish imkoniyatini berish bilan cheklanmasligini ta'kidladi. U har bir bolaning ehtiyoji va qobiliyatini inobatga olgan holda qulay psixologik muhit yaratish, tengdoshlari bilan birga bilim olishini hamda jamiyatda faol bo'lishini ta'minlashni nazarda tutishini qayd etdi.
Muhokama qilingan masalalar va amaliy yo'nalishlar
Anjuman davomida inklyuziv ta'limni tashkil etishning zamonaviy usullari, pedagogik yondashuvlar va amaliyotdagi muammolar muhokama qilindi. Shuningdek, IRX va URX platformalaridan foydalanish imkoniyatlari, raqamli vositalar yordamida o'quv jarayonini yaxshilash masalalari ko'rib chiqildi. Ta'lim muassasalarida to'siqsiz va qulay muhit yaratish, assistiv jihozlar bilan ta'minlash, individual ta'lim rejalari hamda korreksion-pedagogik qo'llab-quvvatlash tizimini yo'lga qo'yish ustuvor vazifa ekani alohida ta'kidlandi.
Forum doirasida mutaxassislar uchun ochiq muloqotlar, treninglar va amaliy mashg'ulotlar uyushtirildi. Ularda inklyuziv sinflarda ta'lim sifatini oshirish, bolalarni ijtimoiy muhitga moslashtirish bo'yicha tavsiyalar berildi.
Eslatib o'tamiz, Prezident qarori bilan tasdiqlangan 2026–2028-yillarga mo'ljallangan chora-tadbirlar dasturida bolalarning yashash joyiga yaqin hududda ta'lim olishini ta'minlash, inklyuziv va korreksion ta'lim shakllarini rivojlantirish vazifalari belgilangan.
Manba: UzA



