Oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta'minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev oliygohlar bitiruvchilari bandligini ta'minlash va ularga yangi imkoniyatlar yaratish bo'yicha taqdimot bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz oliy ta'lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta'minlash borasidagi chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi. Ma'lum qilinishicha, 2026-yilda respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba tamomlashi kutilmoqda. Yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish ko'lamining kengayishi mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar sonining ortishiga olib kelmoqda. ## Tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash va dasturlar Bitiruvchilarning bandligini ta'minlashda ular bilan individual ishlash, iqtisodiyot tarmoqlaridagi bo'sh ish o'rinlariga yo'naltirish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash muhimligi ta'kidlandi. Yoshlarning tadbirkorlik loyihalarini imtiyozli shartlarda moliyalashtirishga mo'ljallangan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida 2025-yilda 6 mingdan ortiq loyiha uchun 378 milliard so'm ajratilib, 8 ming nafarga yaqin bitiruvchining bandligi ta'minlangan edi. Navbatdagi yilda esa 8 mingdan ziyod loyihani moliyalashtirish uchun 500 milliard so'm yo'naltirilib, 10 mingga yaqin yoshlarni band qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, “TalabaExpo-2026” kasb ko'rgazmalarini respublikaning boshqa hududlarida ham tashkil etish zarurligi ko'rsatib o'tildi. Barcha jarayonlar “career.edu.uz” platformasi orqali monitoring qilinib, vertikal tizim yo'lga qo'yiladi. ## Oliyygohlarda yangi mexanizmlar va talim jarayoni Talabalarni ish bilan ta'minlash ishlarini tizimlashtirish maqsadida barcha oliygohlarda karera markazlari to'liq ishga tushiriladi. Ularning faoliyati “Bitiruvchi sifati indeksi” orqali baholanib, eng yuqori natija ko'rsatgan 20 ta oliygohning karera markazlariga 500 million so'mdan ajratiladi. Joriy yilda oliygoh miqyosida 360 ta, fakultetlar miqyosida 750 ta mehnat yarmarkasi o'tkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2026/2027 o'quv yilidan boshlab barcha oliygohlarda talabalarda tadbirkorlik ko'nikmalarini shakllantirish uchun “Tadbirkorlik asoslari” fani o'qitiladi. Startap loyihalarini qo'llab-quvvatlash, spin-off korxonalariga talabalarni jalb qilish, kafedralarning tarmoq korxonalarida filiallarini ochish hamda bitiruv loyihalari himoyasini ish beruvchi korxonalarda o'tkazish kengaytiriladi. Aniq buyurtma asosida kadrlar tayyorlashga qaratilgan maqsadli dual ta'lim shakli yo'lga qo'yilib, bunda talaba o'qishni tamomlagach ish bilan ta'minlanishi kafolatlanadi. Oliyygohlar rahbarlarining KPI ko'rsatkichlarida bitiruvchi bandligining ta'minlangani asosiy mezon etib belgilanadi.
Manba: UzA



