Oliy ta'lim tizimida grantlar va ilmiy loyihalarni moliyalashtirishning yangi tartibi belgilandi
2027-yil 1-yanvardan davlat granti asosida o'qitish xarajatlarini shakllantirish tartibi joriy etiladi, shuningdek xorijiy talabalar uchun grantlar va yangi qabul mexanizmlari belgilanmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga muvofiq, mamlakatimiz oliy ta'lim va ilm-fan sohalarida bir qator muhim o'zgarishlar amalga oshirilishi belgilandi. Jumladan, 2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat buyurtmasi asosida o'qiyotgan bir nafar talabani o'qitish xarajatlari miqdorini aniq ko'rsatkichlardan kelib chiqib shakllantirish tartibi to'liq yo'lga qo'yiladi.
Moliyalashtirish va grant xarajatlarini hisoblash mezonlari
Talabani o'qitish xarajatlari miqdorini shakllantirishda professor-o'qituvchilarga to'g'ri keladigan o'rtacha talabalar soni nisbati, ta'lim sohasining murakkabligi hamda moddiy-texnik baza talablari hisobga olinadi. Shuningdek, ustuvor sohalarga mosligi, xodimlar mehnatiga haq to'lash va rag'batlantirish xarajatlari, oliy ta'lim tashkilotining maqomi, toifasi, milliy reyting natijalari hamda hududiy mansubligi muhim omil sifatida inobatga olinadi.
Shu bilan birga, 2027-yildan boshlab davlat ilmiy dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot loyihalarini tanlab olish va moliyalashtirishning yangi tartibi amalga kiritiladi. Unga ko'ra, moliyalashtirish hajmining kamida 50 foizi ustuvor yo'nalishlardagi loyihalarga yo'naltirilib, ular fan yo'nalishi bo'yicha ilmiy-texnik kengash ekspertizasi hamda nufuzli xorijiy tashkilotlarning ijobiy xulosasi asosida saralanadi. Har yili aprel oyida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tanlov o'tkaziladi va yillik samaradorlik ko'rsatkichlariga erishilganda moliyalashtirish davom ettiriladi.
Xalqaro hamkorlik va yangi imtiyozlar
Qabul qilingan farmonga asosan, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta'limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi negizida Oliy ta'limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etildi. Respublika davlat oliy ta'lim tashkilotlarining bakalavriat yo'nalishlariga ajratilgan grant kvotalarining to'lmay qolgan qismi hisobidan har yili 500 nafargacha iqtidorli chet el fuqarolari uchun "Yangi O'zbekiston stipendiyasi" dasturi joriy etilib, ularning o'qish xarajatlari qoplanadi va maxsus stipendiya beriladi.
2026/2027 o'quv yilidan boshlab esa xorijiy talabalarni qabul qilish uchun "Study in Uzbekistan" platformasi ishga tushiriladi va bu orqali qabul shartlari oliy ta'lim muassasalari tomonidan mustaqil belgilanadi. Yana bir muhim yangilik shuki, 2026/2027 o'quv yilidan e'tiboran ta'lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan bitiruvchilar o'qishning keyingi bosqichiga hujjat topshirish jarayonida xorijiy tilni bilish sertifikatini taqdim etish majburiyatidan ozod qilinadi.
Manba: UzA



