Davlat xizmatiga qabul tizimida yoshlar uchun yangi tartib va sertifikatsiyalash joriy etiladi
2026 yil 1 iyuldan davlat xizmatiga qabul qilishda yagona yondashuv belgilanib, zamonaviy kasblar bo'yicha milliy sertifikatsiyalash tizimi ishga tushiriladi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab davlat xizmatiga qabul jarayonlariga yagona yondashuv tatbiq etiladi. Yangi tartibga ko'ra, suhbat bosqichida nomzodlarga beriladigan topshiriqlar va savollar tegishli davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida kamida bir oy avval e'lon qilinishi majburiy bo'ladi. Agar savollar belgilangan muddatda e'lon qilinmasa, ularni nomzodlarga berish qat'iyan taqiqlanadi.
Ish staji va ichki tanlovlar
Shuningdek, kelgusida ichki tanlovlar o'tkazilmaydigan lavozimlar ro'yxati aniq belgilanadi. Ayrim lavozimlar uchun talab etiladigan ish stajiga oid shartlar esa bekor qilinadi. Shu bilan birga, boshqa ayrim holatlarda nomzodlardan ko'pi bilan ikki yillik umumiy yoki maxsus ish stajini talab qilish tartibi o'rnatilishi mumkin.
Zamonaviy kasblar va milliy sertifikat
Mehnat bozorida yuqori talabga ega bo'lgan zamonaviy kasblar reyestri shakllantiriladi. Mazkur reyestrga kiritilgan yo'nalishlar bo'yicha ta'lim olgan yoshlarning bilim va ko'nikmalarini baholash maqsadida milliy sertifikatsiyalash tizimi joriy qilinadi.
Milliy sertifikatga ega bo'lgan ayrim toifadagi yoshlarning imtihon hamda o'qish xarajatlari "Yoshlar daftari" jamg'armasi mablag'lari hisobidan qoplab beriladi. Bu imtiyoz, xususan, ijtimoiy reyestrga kiritilgan, kambag'al oilalar hamda kambag'allik chegarasidagi oilalar farzandlari uchun amal qiladi.
Manba: Kun.uz
