Oliy ta'limda talabalar bilimini baholash tizimi o'zgarishi mumkin
Oliy ta'lim muassasalarida talabalar bilimini baholash va imtihonlarni o'tkazish tartibini takomillashtirish bo'yicha loyiha e'lon qilindi.
Oliy ta'lim tizimida talabalarning bilimini baholash tartibiga o'zgartirishlar kiritish ko'zda tutilmoqda. Yangi loyihaga ko'ra, amaldagi 100 ballik baholash tizimi o'z kuchida qoladi. Bunda joriy nazorat uchun 30 ball, oraliq nazorat uchun 20 ball hamda yakuniy nazorat uchun 50 ball ajratilishi belgilanmoqda. Shuningdek, tibbiyot yo'nalishlari bo'yicha ballar alohida tartibda taqsimlanishi ko'rsatib o'tilgan.
Professor-o'qituvchilar va imtihon jarayonlari
Loyihaga asosan, professor-o'qituvchilar tomonidan har bir baholangan topshiriq bo'yicha talabaga kamida ikki-uch gapdan iborat izoh, ya'ni fidbek yozilishi shart etib belgilanmoqda. Yakuniy imtihonlarni ovozli va videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan auditoriyalarda o'tkazish hamda videoyozuvlarni kamida bir yil davomida saqlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, imtihon jarayonlarini oliy ta'lim muassasalarining rasmiy veb-saytlari orqali onlayn kuzatib borish imkoniyati ham yaratiladi.
Qo'shimcha shartlar va imkoniyatlar
Qaror loyihasida uch oy ichida onlayn kuzatuv va kompyuterda imtihon topshirish platformalarini ishlab chiqish vazifasi qo'yilgan. Shuningdek, har bir semestr yakunida talabalar o'rtasida maxsus so'rovnomalar o'tkazilishi nazarda tutilgan. Ko'rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun esa Brayl alifbosi, ovozli o'qish hamda assistent yordami kabi moslashtirilgan imtihon shakllarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Manba: Kun.uz



