Oliy toifali o'qituvchilar uchun masofaviy magistratura tashkil etiladi
Oliy malaka toifasiga ega o'qituvchilar pedagogika yo'nalishi bo'yicha masofaviy magistraturaga maqsadli qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan umumiy o'rta ta'lim muassasalarining oliy malaka toifasiga ega pedagoglarini magistratura bosqichiga maqsadli qabul qilish tartibi belgilandi. Mazkur qarorga ko'ra, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tasarrufidagi maktablarda ishlaydigan, xalqaro akkreditatsiyalangan tizimda oliy malaka toifasini olgan o'qituvchilar uchun pedagogika sohasida masofaviy ta'lim shakli joriy etiladi.
O'qish shartlari va majburiyatlar
Qabul jarayoni oliy ta'lim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish uchun belgilangan amaldagi tartiblar asosida amalga oshiriladi. Bunda:
- Oliy toifali mutaxassislar magistratura bosqichida o'z asosiy ish faoliyatidan ajralmagan holda masofaviy tarzda tahsil oladi.
- O'qishni tamomlagan pedagoglar umumiy o'rta ta'lim tashkilotlarida kamida uch yil davomida ishlab berish majburiyatini bajaradi.
- Mazkur tartib asosida maqsadli magistraturaga qabul qilingan o'qituvchilarga xotin-qizlarning to'lov-kontrakt mablag'larini davlat byudjeti hisobidan qoplab berish shartlari tatbiq etilmaydi.
2026/2027 o'quv yilidan boshlanadigan jarayonlar
Kelgusi 2026/2027 o'quv yilidan boshlab tajriba tariqasida oliy toifali pedagoglarni Nizomiy nomidagi O'zbekiston milliy pedagogika universitetining maqsadli magistratura bosqichida o'qitish boshlanadi. Har yili maktablarning yuqori malakali kadrlarga bo'lgan ehtiyojidan kelib chiqib, navbatdagi o'quv yili uchun qabul ko'rsatkichlari Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun taqdim etib boriladi. Shuningdek, mutasaddi vazirlik va idoralarga o'zlarining normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qaror talablariga muvofiqlashtirish vazifasi yuklatildi.
Manba: UzA



