O'qituvchilarning 31-avgust kungi ish haqi to'liq to'lab berilishi belgili bo'ldi
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi 31-avgust kuni uchun o'qituvchilarning ish haqidan ushlab qolinmasligini ma'lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda maktab xodimlari va o'qituvchilarning ish haqi to'lovlari bilan bog'liq turli xabarlar tarqalgan edi. Bu holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi rasmiy tushuntirish berdi.
Vazirlik ma'lumotiga ko'ra, ta'lim muassasalarida xodimlarga ish haqi to'lovlari shtatlar jadvali hamda tarifikatsiya ro'yxati bo'yicha ajratilgan dars soatlari asosida amalga oshiriladi. Bunda o'qituvchilarga tarifikatsiya ro'yxatida belgilangan oylik yuklama, ya'ni stavkasidan kelib chiqqan holda haq to'lanishi belgilangan.
Amaldagi mehnat qonunchiligiga ko'ra, dam olish kuni munosabati bilan, jumladan, 31-avgust kuni uchun maktablarda xodimlarning ish haqidan ushlab qolish aslo nazarda tutilmagan. Shu sababli, ish haqidan ushlanmasdan to'liqligicha to'lab berilishi yuzasidan tegishli ko'rsatmalar berilgan.
Shuningdek, maktab va maktabgacha ta'lim tashkilotlarining avgust oyi ikkinchi yarmi uchun ish haqi to'lovlari 29-avgust sanasidan boshlab bosqichma-bosqich moliyalashtirilib, to'lab berilayotgani qayd etildi.
Manba: Kun.uz


