O'quvchilar uchun moliyaviy tarix va savodxonlikka bag'ishlangan ekskursiya o'tkazildi
Global Money Week-2026 haftaligi doirasida Toshkent shahridagi maktab o'quvchilari uchun numizmatika bo'limiga ekskursiya tashkil etildi.

Yoshlarning iqtisodiy bilimini oshirish va moliyaviy savodxonligini yuksaltirishga qaratilgan Global Money Week-2026 haftaligi mamlakatimizda ko'tarinki ruhda o'tmoqda. Mazkur doiradagi tadbirlar aholi, xususan, yosh avlodning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash hamda raqamli moliyaviy xizmatlar bozorida ongli qarorlar qabul qilish ko'nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.
Banklar ishtiroki va amaliy tashabbuslar
Respublika Markaziy banki va yigirmadan ortiq tijorat banklari ushbu jarayonlarda faol qatnashib, yoshlarning bilimini boyitishga o'z hissasini qo'shmoqda. Jumladan, O'zmilliybank aksiyadorlik jamiyati tomonidan Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 261-sonli hamda Yunusobod tumanidagi 327-sonli umumta'lim maktablarining qirqqa yaqin o'quvchilari uchun O'zbekiston Tasviriy san'at galereyasining numizmatika bo'limiga maxsus ekskursiya uyushtirildi.
Tarix va moliyaviy tushunchalar uyg'unligi
Ekskursiya davomida o'quvchilar galereya faoliyati bilan tanishib, numizmatika bo'limida saqlanayotgan qadimiy tangalar haqida ma'lumot olishdi. Ularning kelib chiqishi, tarixiy ahamiyati va iqtisodiy taraqqiyotdagi o'rni tushuntirildi. Bu kabi tadbirlar maktab o'quvchilarida tarixiy bilimlarni boyitish bilan birga, pul muomalasi, uning qadri hamda moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish bo'yicha dastlabki ko'nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi. Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga esdalik sovg'alari topshirildi.
Manba: UzA


