O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida qabul jarayonlari muhokama qilindi
O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2026/2027-o'quv yili qabul jarayonlari va ijodiy imtihonlarni shaffof o'tkazish masalalari ko'rildi.

O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2026/2027-o'quv yili uchun kasbiy va ijodiy imtihonlarni yuqori sifatda tashkil etish masalalariga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi. Tadbirda mamlakatimiz sportchilarining xalqaro musobaqalar, Olimpiya va Osiyo o'yinlari, jahon hamda qit'a chempionatlarida qo'lga kiritayotgan yutuqlari yoshlarning sportga bo'lgan qiziqishini oshirayotgani qayd etildi. Shuningdek, iqtidorli yoshlarni saralash va ularni maqsadli tayyorlash yo'nalishidagi islohotlar doirasida OTMda qabul jarayonlarini adolatli hamda shaffof tashkil etish muhimligi ta'kidlandi.
Qabul jarayoniga tayyorgarlik va mutaxassislar jalb etilishi
Universitet rektori Rashid Matkarimov 2026-yilgi qabul mavsumiga oliy ta'lim muassasasida puxta hozirlik ko'rilgani, kasbiy va ijodiy sinovlarning shaffofligini ta'minlash borasida bajarilgan ishlar yuzasidan yig'ilganlarga ma'lumot berdi.
Imtihon jarayonlarining haqqoniy o'tishini kafolatlash maqsadida quyidagi kadrlar jalb etilgani ma'lum qilindi:
- tegishli sport federatsiyalaridan 34 nafar tajribali murabbiy va mutaxassis;
- universitetdan 149 nafar professor-o'qituvchi;
- sport ta'limi muassasalaridan 55 nafar murabbiy.
Imtihonlarni baholash tartibi
Sinovlar davomida har bir abituriyentning jismoniy tayyorgarligi, iqtidori hamda taktik va texnik ko'nikmalari aniq va xolis mezonlar asosida baholanishi qat'iy nazoratga olinishi belgilandi. Bundan tashqari, imtihon natijalari yagona ERP sport platformasi orqali real vaqt rejimida kiritilib, har bir abituriyentning shaxsiy ko'rsatkichi avtomatik tarzda hisoblanishi ko'zda tutilgan.
Manba: UzA



