O'zbekiston maktablarida o'quvchilarga insult belgilarini aniqlash o'rgatiladi
O'zbekistondagi maktablarda 1-noyabrdan boshlab o'quvchilarga insult belgilarini aniqlash va favqulodda vaziyatlarda to'g'ri harakatlanish o'rgatiladi.
Prezidentning joriy yil 20-yanvardagi tegishli qarori asosida mamlakatimizda ilk bor Infarkt va insultga qarshi kurashish Milliy dasturi qabul qilindi. Ushbu hujjat ijrosi doirasida joriy yilning 1-noyabridan boshlab Respublika umumta'lim maktablarida “Angels Initiative” xalqaro tashabbus tashkilotining “FAST - superqahramonlar” xalqaro ta'lim dasturi bosqichma-bosqich joriy etila boshlaydi.
Dasturning dastlabki bosqichi va xalqaro tajriba
Mazkur loyiha boshlang'ich sinf o'quvchilariga, aniqrog'i birinchi sinfdan to'rtinchi sinfgacha bo'lgan bolalarga mo'ljallangan. Dastlabki bosqichda Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 7 ta maktab hamda Samarqand shahar, Kattaqo'rg'on va Ishtixon tumanlaridagi 6 ta umumta'lim maktabida maxsus mashg'ulotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Xalqaro hamkorlik doirasida ishlab chiqilgan ushbu dastur Germaniya, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Braziliya, Kanada, Gretsiya, Islandiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Latviya, Slovakiya, Vengriya, Bolgariya va Singapur kabi dunyoning 40 ga yaqin davlatida sinovdan o'tgan bo'lib, 2 million nafardan ortiq bolani qamrab olgan. Shuningdek, O'zbekistonda “FAST - superqahramonlar” xalqaro dasturining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari ishga tushirildi.
Mashg'ulotlarning asosiy mazmuni va maqsadlari
Loyihaning asosiy maqsadi o'quvchilarga o'yin va qiziqarli mashg'ulotlar orqali insultning dastlabki belgilarini tanish, o'z salomatligi hamda yaqinlari sog'lig'iga mas'uliyat bilan munosabatda bo'lish ko'nikmalarini shakllantirishdan iborat. Darslar davomida murakkab tibbiy tushunchalar bolalarning yoshi va idrokiga mos ravishda video materiallar hamda qahramonlar yordamida tushuntiriladi:
- Inson yuzida asimmetriya paydo bo'lishi
- Bir qo'lini ko'tara olmasligi
- Gapirishda qiyinchilik kuzatilishi
Bolalar bunday holatlarda vaqtni boy bermasdan kattalarni zudlik bilan xabardor qilish va «103» raqamiga murojaat etish bo'yicha amaliy tushunchalarga ega bo'ladilar. Shoshilinch vaziyatlarda tez tibbiy yordam xizmatining o'rni va ahamiyati alohida singdiriladi.
Manba: Kun.uz


