O'zbekiston Milliy pedagogika universiteti Koreya OTMlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Nizomiy nomidagi O'zbekiston Milliy pedagogika universiteti delegatsiyasi Koreyada bir qator nufuzli OTMlar bilan qo'shma dasturlar va kelishuvlarga erishdi.

Xalqaro hamkorlik va yangi strategik rejalar
Ijtimoiy soha hamda iqtisodiyot tarmoqlari uchun raqobatbardosh, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash oliy ta'lim tizimining asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Shu maqsadda nazariy bilimlarni amaliy ko'nikmalar bilan boyitish, ta'limga zamonaviy xalqaro standartlarni joriy etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi bu borada muhim dasturilamal bo'lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, Prezidentning 2025-yil 28-apreldagi tegishli farmoniga muvofiq, Nizomiy nomidagi O'zbekiston Milliy pedagogika universiteti pedagog kadrlar tayyorlash bo'yicha respublikada yetakchi muassasa etib belgilangan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida universitet delegatsiyasi Koreya Respublikasida xizmat safarida bo'lib, bir nechta oliy ta'lim muassasalari bilan muhim kelishuvlarga erishdi. Jumladan, Dankook universiteti va uning qoshidagi Ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati o'rganilib, o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat doirasida talabalar va professor-o'qituvchilar almashinuvini yo'lga qo'yish, shuningdek, qo'shma o'quv dasturlarini tashkil etish rejalashtirildi.
Qo'shma ta'lim dasturlari va laboratoriyalar
Safar davomida erishilgan kelishuvlarga ko'ra, magistratura bosqichida "1+1" shaklidagi qo'shma dastur joriy etilishi belgilandi. Bu esa talabalarga o'qishning muayyan qismini Koreyada davom ettirish imkonini beradi. Shuningdek, Hankyong milliy universiteti bilan 2026-yildan boshlab 2+2, 1+1 va 2+1 formatlaridagi qo'shma ta'lim dasturlarini boshlash, shuningdek, universitet qoshida sun'iy intellektga asoslangan aqlli ferma – "AI Smart Farm" laboratoriyasini tashkil etish ko'zda tutilgan.
Bundan tashqari, dunyoning kuchli 500 talik reytingidan joy olgan Pusan milliy universiteti hamda Kyungpook milliy universiteti vakillari bilan ham samarali muzokaralar o'tkazildi. Uchrashuvlarda bo'lajak o'qituvchilarni tayyorlash jarayoniga "Koreya modeli"ni tatbiq etish, inklyuziv ta'lim hamda sun'iy intellekt yordamida baholash tizimini yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.
Global tarmoq va amaliyot imkoniyatlari
2026-yildan boshlab Koreya, Gonkong, Shvetsiya, Finlyandiya va Germaniya davlatlari ishtirokidagi global konferensiyaga O'zbekiston nomidan O'zbekiston Milliy pedagogika universiteti vakil sifatida a'zo bo'lishi belgilandi. Shu bilan birga, Koreya milliy ta'lim universiteti talabalari O'zbekistondagi maktablar, maktabgacha ta'lim tashkilotlari hamda pedagogik oliy ta'lim maskanlarida o'z amaliyotlarini o'tashlari bo'yicha kelishuvga erishildi. Ushbu strategik hamkorliklar kelgusida ta'lim sifatini jahon andozalariga yetkazish hamda talabalarning global mehnat bozorida o'z o'rnini topishiga xizmat qiladi.
Manba: UzA



