Parlament qo'mitasi ta'lim va ilm-fan yo'nalishidagi ishlar yuzasidan hisobot berdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qo'mitasi 2025 yildagi faoliyati sarhisobi va kelgusi rejalarni e'lon qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta'lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo'mitasi tomonidan tashkil etilgan Press-Lunch tadbirida o'tgan yildagi ishlar sarhisob qilindi va 2026 yilgi ustuvor vazifalar haqida ma'lumot berildi.
Qo'mita raisi Nodir Jumayevning ta'kidlashicha, o'tgan yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining harakatlar dasturi, ish rejasi hamda Prezident raisligidagi videoselektor yig'ilishlarida belgilangan vazifalar ijrosiga alohida e'tibor qaratilgan.
Qonunchilik faoliyati va nazorat tadbirlari
Hisobot davrida qo'mita 7 ta qonun loyihasiga mas'ul bo'lib, ularning barchasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi. Jumladan, deputatlar tashabbusi bilan tayyorlangan “Jismoniy tarbiya va sport to'g'risida”gi qonunning yangi tahriri orqali Milliy olimpiya va paralimpiya qo'mitasi hamda Milliy antidoping agentligining huquqiy maqomi belgilanib, sportda dopingning oldini olish choralari takomillashtirildi.
Shuningdek, qo'mita tashabbusi bilan jami 22 ta nazorat-tahlil tadbiri amalga oshirildi. Xususan, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining erishilgan natijalari hamda kelgusidagi vazifalari yuzasidan axboroti tinglandi. Bundan tashqari, bitta parlament so'rovi va qo'mita a'zolari tomonidan 16 ta deputat so'rovi yuborilgan.
Murojaatlar bilan ishlash
O'tgan yilda qo'mita nomiga kelib tushgan 532 ta murojaat belgilangan tartibda ko'rib chiqilib, ularning 384 tasiga ijobiy yechim topildi. Shuningdek, murojaatchilar tomonidan jami 30 ta taklif kelib tushgani qayd etildi.
Tadbir davomida deputatlar ilm-fan, ta'lim, madaniyat, san'at, sport va yoshlar yo'nalishlarida joylarda o'tkazilgan o'rganishlar, uchrashuvlar hamda hal etilgan masalalar xususida batafsil ma'lumot berib o'tdi. Barcha sohalardagi tub o'zgarishlar davrida qo'mita faoliyatining asosiy maqsadi taraqqiyotga o'z hissasini qo'shishdan iborat ekani ta'kidlandi.
Manba: UzA