Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori tibbiyotda raqamlashtirish haqida fikr bildirdi
Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodov raqamlashtirish davrida shifokor kasbi qanday o'zgarishi haqida gapirdi.
Raqamlashtirish va sun'iy intellekt jadal rivojlanayotgan davrda shifokorlik kasbi ham tubdan o'zgarib bormoqda. Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodov bilan o'tkazilgan suhbatda tibbiy kadrlar tayyorlash tizimini yangilash va ta'lim sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Texnologiya va inson omili
Suhbat davomida tibbiyotdagi raqamlashtirish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Rektorning fikricha, yaqin o'n yil ichida sohada ayrim an'anaviy vazifalar o'z ahamiyatini yo'qotadi va shifokorlarning ish uslubi o'zgaradi. Bugungi kunda mutaxassislar ko'p vaqtini hujjat to'ldirish, ma'lumot yig'ish va takroriy tahlillarga sarflamoqda. Kelajakda bu jarayonlarning asosiy qismi raqamli tizimlar zimmasiga o'tadi.
Shuhrat Boymurodovning ta'kidlashicha, ish yukining avtomatlashtirilishi davolash jarayonida inson omili kerak emasligini anglatmaydi. Texnologiyalar mutaxassislarni ortiqcha vazifalardan xalos etish, bemor bilan ko'proq muloqot qilish, kasallik sabablarini chuqur tahlil qilish hamda individual yondashuvni kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, zamonaviy raqamli texnologiyalar shifokorlardan yangi kompetensiyalarni talab qiladi. Endilikda faqat klinik bilimning o'zi yetarli emas, balki tibbiy ma'lumotlar bilan ishlash, sun'iy intellekt tavsiyalarini to'g'ri talqin etish va yakuniy qarorni mustaqil qabul qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Algoritm shunchaki yordamchi bo'lishi mumkin, biroq mas'uliyat va yakuniy qaror doimo inson zimmasida qoladi.
Shifokor kompetensiyalari
Podkastda shaxsiy rivojlanish va malakali mutaxassis bo'lish masalalari ham ko'tarildi. Shuhrat Abdujalilovichning ta'kidlashicha, yaxshi shifokor bo'lishning eng asosiy sharti aniq maqsadga ega bo'lishdir. Kasbiy yo'lni maqsadsiz boshlagan mutaxassis o'z bilimini to'liq qo'llay olmaydi, shuningdek, empatiya, bemor bilan muloqot va mas'uliyat kabi insoniy fazilatlarni ham yetarli darajada rivojlantira olmaydi. Shaxsiy maqsadni aniqlashtirish zamonaviy tibbiyot talablariga javob berishning muhim shartlaridan biridir.
Manba: Kun.uz



