O'zbekiston oliygohlarida ellikdan ortiq davlatdan kelgan talabalar tahsil olmoqda
Hozirda O'zbekiston oliy ta'lim tashkilotlarida 50 dan ortiq davlatdan 24 ming 647 nafar xorijiy talaba o'qimoqda.

O'zbekiston oliy ta'lim tizimi mahalliy yoshlar bilan bir qatorda, dunyoning turli mamlakatlaridan kelayotgan talabalar uchun ham jozibali ta'lim maskaniga aylanib bormoqda. Xorijlik yoshlar sonining ortishi mamlakatimiz oliy ta'limining xalqaro maydondagi jozibadorligi va ta'lim xizmatlariga qiziqish yuqoriligidan dalolat beradi.
Ayni paytda respublikamiz oliy ta'lim tashkilotlarida ellikdan ortiq davlatdan kelgan jami 24 ming 647 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda. Ularning asosiy qismini Hindiston fuqarolari tashkil etib, ularning soni 13 ming 60 nafarga yetadi. Shuningdek, keyingi o'rinlarni Turkmaniston to'rt ming 884 nafar, Pokiston bir ming 165 nafar hamda Qozog'iston bir ming 129 nafar talaba bilan band qilgan.
Tibbiyot yo'nalishining yetakchiligi
Statistik ma'lumotlarga ko'ra, xorijlik talabalarning qariyb 67 foizi aynan tibbiyot yo'nalishini tanlagan. Ushbu sohada jami 16 ming 476 nafar xorijlik yoshlar o'qimoqda. Bu ko'rsatkich mamlakatimizda tibbiy ta'limga chet eldan kelayotgan talabalar ulushi juda yuqori ekanini ko'rsatib turibdi. Xususan, tibbiyot oliy ta'lim muassasalari xorijliklar uchun eng asosiy ta'lim yo'nalishlaridan biriga aylangan.
Umuman olganda, chet ellik talabalar geografiyasining kengayib borishi yurtimiz oliy ta'limi xalqaro ta'lim makonida o'z o'rnini mustahkamlayotganini bildiradi. Bugungi kunda oliygohlarimizda turli davlatlardan kelgan yoshlar bir auditoriyada o'qib, o'zaro bilim, madaniyat va tajriba almashmoqda.
Manba: UzA



