O'zbekiston ta'lim tizimi o'tgan yillar davomida qanday o'zgardi?
Mustaqillik yillarida O'zbekiston ta'lim tizimi, jumladan maktabgacha, maktab va oliy ta'lim yo'nalishlarida sezilarli o'zgarishlar kuzatildi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida ta'lim sohasi ma'lum bir qolipga solingan bo'lib, o'quv dasturlari va darsliklar yuqoridan qat'iy belgilab berilardi. Bog'chalar asosan shaharlar hamda yirik korxonalar tasarrufida bo'lib, qishloq joylarida deyarli mavjud emasdi. Oliy ta'lim muassasalariga kirish imkoniyatlari ham cheklangan bo'lib, o'rinlar soni yildan yilga ortib borayotgan talabgorlarni to'liq qamrab ololmasdi.
O'qituvchilar maqomi va sharoitlari
Ilgari o'qituvchilik kasbi og'ir bo'lib, pedagoglar dars berishdan tashqari turli majburiy ishlar va paxta terimiga jalb qilinardi. 2018-yildagi me'yoriy hujjatlar hamda qonunchilikka kiritilgan o'zgartirishlar orqali o'qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish qat'iyan taqiqlandi. Ortiqcha byurokratik hisobotlar bekor qilindi. Milliy va xalqaro sertifikatlarga ega pedagoglarga 20 foizdan 50 foizgacha, vazir jamg'armasidan esa 100 foizlik ustamalar belgilanishi natijasida minglab o'qituvchilarning oylik maoshi yuqori ko'rsatkichlarga yetdi.
Maktabgacha ta'limdagi qamrov
2016-yilda bog'cha yoshidagi bolalarning bor-yo'g'i 27,7 foizi ta'lim tizimi bilan qamrab olingan edi. Davlat bog'chalari soni 5 211 tani tashkil etib, minglab mahallalarda bog'cha yo'q edi. Muammoni hal qilish maqsadida tadbirkorlar va oilaviy bog'chalar faoliyatiga keng yo'l ochildi. Davlat tomonidan shart-sharoitlar yaratilib, subsidiyalar ajratilishi natijasida qamrov 78 foizdan oshdi va oilaviy bog'chalar soni 37 000 tadan oshib ketdi.
Oliy ta'limdagi kengayishlar
2016-yilda mamlakatda 77 ta oliy ta'lim muassasasi faoliyat yuritgan bo'lsa, bugunga kelib ularning soni 210 tadan oshdi. Talabalar umumiy soni 230 ming nafardan 1,3 milliondan oshdi. Shuningdek, talaba qizlarning ulushi 51 foizga yetib, tarixda ilk bor xotin-qizlar oliy ta'limda ko'pchilikni tashkil qila boshladi. Xususiy va xorijiy universitet filiallarining ochilishi hududlardagi yoshlarga qo'shimcha imkoniyatlar yaratdi.
Kamchiliklarning ochiq tan olinishi
O'zbekiston o'z tarixida ilk bor 15 yoshli o'quvchilarning savodxonlik darajasini baholovchi xalqaro PISA-2022 tadqiqotida ishtirok etdi. Unga ko'ra, matematik savodxonlik 364 ball, o'qish savodxonligi 336 ball, tabiiy-ilmiy fanlar bo'yicha esa 355 ball qayd etildi. Natijalar yashirilmadi va bu milliy o'quv dasturini hamda darsliklar mazmunini takomillashtirishda muhim asos bo'lib xizmat qilmoqda.
Manba: UzA



