O'zbekiston va Germaniya oliy ta'lim hamda ilm-fan sohasidagi sheriklikni kengaytiradi
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Germaniyaning 'Fraunhofer IPK' instituti vakillari bilan uchrashib, yangi qo'shma loyihalarni muhokama qildi.

Mamlakatimizda oliy ta'lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini kuchaytirish, amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, innovatsion ekotizimni shakllantirish, universitet va sanoat o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, texnologiyalar transferi mexanizmlarini takomillashtirish hamda Sanoat 4.0 va aqlli ishlab chiqarish tizimlarini joriy etish ustuvor yo'nalishlardan biriga aylangan.
Bu masalalar Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov va Germaniyadagi ishlab chiqarish texnologiyalari bo'yicha amaliy ilmiy-tadqiqot instituti — Fraunhofer IPK vakillari bilan o'tkazilgan muloqotda ham alohida ta'kidlandi. Uchrashuv davomida mazkur institutning amaliy tadqiqotlar, texnologiyalar transferi hamda davlat, akademik doiralar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va sanoat o'rtasidagi hamkorlik yo'nalishidagi ilg'or tajribasi O'zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Tomonlar ikki davlat o'rtasida oliy ta'lim, ilm-fan, innovatsiyalar va sanoat sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirish, ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini raqamli transformatsiya qilish masalalarini muhokama qildilar.
Yosh tadqiqotchilar uchun yangi dasturlar va tashabbuslar
Muloqot chog'ida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan bir qator amaliy takliflar ilgari surildi. Jumladan, Fraunhofer xalqaro mobillik dasturi va Fraunhofer Attractgrant dasturlari negizida Fraunhofer-O'zbekiston yosh tadqiqotchilar mobillik dasturini yo'lga qo'yish taklif etildi. Mazkur tashabbus doirasida o'zbekistonlik yosh olimlarni uch oydan olti oygacha bo'lgan muddatda Fraunhofer laboratoriyalariga yuborish hamda ularni kelgusida mahalliy korxonalarda amalga oshiriladigan tijoratlashtirish loyihalariga jalb etish ko'zda tutilgan.
OTMlar huzurida yangi laboratoriya va platformalar ochiladi
Toshkent davlat texnika universiteti qoshida Suv va yashil energetika texnologiyalari yo'nalishida Fraunhofer Innovation Platform tashkil etish, shuningdek, Toshkent arxitektura-qurilish universitetida robototexnika va sun'iy intellekt yo'nalishida raqamli laboratoriya ochish tashabbuslari bildirildi. Bundan tashqari, sanoat va oqova suvlardan resurslarni qayta ajratib olish bo'yicha qo'shma pilot loyihani Germaniya Ta'lim va tadqiqotlar federal vazirligining Markaziy Osiyo uchun grant dasturiga birgalikda taqdim etish rejalashtirildi. Shuningdek, ilmiy ishlanmalarni xalqaro platformalar orqali sanoatga integratsiya qilish va ularni tijoratlashtirishda Fraunhofer tajribasidan foydalanish masalalari ham diqqat markazida bo'ldi.
Manba: UzA



