Oliy ta'lim muassasalariga qabul jarayonida oltinchi yo'nalishni tanlash imkoniyati yaratiladi
2026/27 o'quv yilidan boshlab abituriyentlarga OTMga qabulda oltinchi ta'lim yo'nalishini tanlash imkoniyati beriladi.
Oliy ta'lim muassasalariga qabulning yakuniy natijalari ma'lum qilindi. 18-avgust kuni Oliy ta'lim va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o'tkazilgan matbuot anjumanida qabul natijalari, o'tish ballari, imtiyozlar, yotoqxona masalalari va kelgusi o'zgarishlar muhokama qilindi.
Oltinchi yo'nalishni tanlash imkoniyati
2026/27 o'quv yilidan boshlab abituriyentlarga oltinchi ta'lim yo'nalishini tanlash imkoniyati berilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu amaliyotni avgust oyining keyingi haftasidan boshlash ko'zda tutilgan. Vazir o'rinbosari Sardor Rajabovning ta'kidlashicha, oltinchi yo'nalishda qayerda vakant o'rin qolgan bo'lsa va bu yo'nalish abituriyentning fanlar majmuasiga mos kelsa, tanlash imkoniyati ochib beriladi.
O'tish ballari va sertifikatlar
Joriy yilda davlat granti bo'yicha o'rtacha o'tish bali 134,6 ballni, to'lov-kontrakt asosida esa 93,7 ballni tashkil etdi. O'tgan o'quv yilida bu ko'rsatkichlar mos ravishda 121,8 va 84,9 ball bo'lgan edi. Shuningdek, joriy yilda 193 ming nafar abituriyent umumta'lim fanlari bo'yicha, yana 125 ming nafari chet tillari bo'yicha milliy yoki xalqaro sertifikatlarga ega bo'lgan. Vazirlik vakili kelgusida sertifikat egalariga maksimal ball berish tartibi qayta ko'rib chiqilishi mumkinligini bildirdi.
Abituriyentlar bilimi va ko'rsatkichlar
Joriy o'quv yilida minimal o'tish balli, ya'ni maksimal ballning 30 foizi bo'lgan 56,7 balldan kam natija to'plaganlar soni 233 935 nafarni yoki jami abituriyentlarning 37,54 foizini tashkil qildi. Bu ko'rsatkich so'nggi yillarda izchil pasayib borayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, so'nggi yillarda OTMga hujjat topshirayotganlar soni ham sezilarli darajada qisqargan.
Manba: Kun.uz