2026/27 o'quv yilida abituriyentlarning qariyb 38 foizi o'tish ballini to'play olmadi
Davlat oliygohlari bakalavriatiga hujjat topshirganlarning 37,54 foizi minimum o'tish balldan past natija ko'rsatdi.
Joriy 2026/27 o'quv yili uchun respublika davlat oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat yo'nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlarning 233 935 nafari belgilangan minimum o'tish balldan past natija qayd etdi. Oliy ta'lim vazirining birinchi o'rinbosari Sardor Rajabovning ma'lum qilishicha, bu ko'rsatkich jami qatnashchilarning 37,54 foizini tashkil qiladi.
O'tish ballini yig'olmaganlar ulushi kamaymoqda
O'qishga kirish uchun talab etiladigan eng past ball maksimal ballning 30 foizi bo'lib, 56,8 balldan kam to'plaganlar ulushi so'nggi yillarda pasayish dinamikasini ko'rsatmoqda:
- 2023/24 o'quv yilida – 46 foiz
- 2024/25 o'quv yilida – 43 foiz
- 2025/26 o'quv yilida – 41 foiz
- 2026/27 o'quv yilida – 37,54 foiz
Mutasaddi bu holat abituriyentlarning bilim darajasi va test sinovi natijalari yaxshilanib borayotganidan dalolat berishini ta'kidladi. Biroq, shu bilan birga, so'nggi yillarda qabul imtihonlarida qatnashayotgan abituriyentlarning umumiy soni ham kamayib borayotganiga e'tibor qaratish lozim.
Abituriyentlar soni yillar kesimida
Joriy o'quv yilida davlat OTMlari bakalavriatiga o'qishga kirish uchun jami 677,9 ming nafar abituriyent onlayn ro'yxatdan o'tgan. Taqqoslash uchun, bu ko'rsatkich avvalgi yillarda 1 milliondan ortiq bo'lgan:
- 2019-yil – 1 066 925 nafar
- 2020-yil – 1 484 085 nafar
- 2021-yil – 948 211 nafar
- 2022-yil – 1 214 232 nafar
- 2023-yil – 1 018 007 nafar
- 2024-yil – 894 279 nafar
- 2025-yil – 732 411 nafar
Shu tariqa, 2026-yilda o'qishga topshirganlar soni 2023-yildagiga nisbatan qariyb 340 ming nafarga yoki 33 foizga kamaygan. Abituriyentlar sonining qisqarishiga sirtqi ta'limga qabulning to'xtatilishi ham ta'sir qilgan bo'lishi mumkinligi qayd etildi. Hozircha maktabni joriy yilda bitirgan yoshlar o'rtasida 56,7 balldan past to'plash holatlari dinamikasi yuzasidan ma'lumotlar mavjud emas.
Manba: Kun.uz