O'zbekiston va Turkiya oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi hamkorlik ko'lami kengaymoqda
O'zbekiston va Turkiya oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar yo'nalishida qo'shma dasturlar, akademik almashinuv hamda ilmiy loyihalarni jadal rivojlantirmoqda.

So'nggi yillarda O'zbekistonda oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar sohasini tubdan isloh qilish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylandi. Ta'lim tizimini xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilish hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, xorijiy davlatlar, jumladan, Turkiya Respublikasi bilan o'zaro aloqalar izchil kengayib bormoqda.
Mamlakatimizda oliy ta'lim qamrovi va sifati yangi bosqichga ko'tarildi. Xususan, 2017 yilda oliy ta'lim bilan qamrov darajasi atigi 9 foizni tashkil etgan bo'lsa, o'tgan yili bu ko'rsatkich 38 foizga yetdi. Shu davr mobaynida OTMlar soni 77 tadan 210 taga oshdi.
O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi ta'lim aloqalari
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi doirasida O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov Turkiya Oliy ta'lim kengashi raisi Erol O'zvar bilan uchrashib, sohadagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildi.
Ayni paytda O'zbekiston va Turkiya oliy ta'lim muassasalari o'rtasida 120 dan ortiq hamkorlik shartnomasi amal qilmoqda. Ikki mamlakat o'rtasidagi qo'shma ta'lim dasturlari soni 2020 yildagi 12 tadan o'tgan yili 45 tadan oshdi. Ushbu dasturlar orqali har yili o'rtacha 5 ming nafar o'zbekistonlik talaba Turkiyada o'qish yoki akademik almashinuvda qatnashish imkoniyatiga ega bo'lmoqda.
Akademik harakatchanlik doirasida 2019-2024 yillarda 1 ming 200 dan ortiq professor-o'qituvchi va ilmiy tadqiqotchi o'zaro tajriba almashdi. Shuningdek, muhandislik, IT, tibbiyot va qishloq xo'jaligi yo'nalishlarida umumiy moliyalashtirish hajmi 150 million dollardan oshgan 80 dan ortiq qo'shma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Istiqbolli loyihalar va xalqaro tashabbuslar
Ikki vazirlik rahbarlari uchrashuvida Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish loyihasiga alohida e'tibor qaratildi. Mazkur loyiha doirasida 2026-2028 yillarda 10 mingga yaqin talabani qamrab olish hamda 500 dan ziyod xorijiy professor-o'qituvchini jalb etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Yunus Emre instituti madaniyat markazi filialining ochilishi har yili 8-10 ming yoshga turk tili va madaniyatini o'rganish uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti ham Turkiyaning 20 ga yaqin nufuzli OTMlari, jumladan, Ege, Anadolu, Istanbul texnika, Anqara Yildirim Boyazid, Firat va boshqa universitetlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ygan. Xususan, institutning 30 dan ortiq professor-o'qituvchisi Firat universitetida malaka oshirgan bo'lsa, to'rt nafar talaba akademik mobillik dasturida tahsil oldi. Anadolu universiteti bilan hamkorlikda Denov tadbirkorlik va pedagogika universitetining 30 dan ortiq professor-o'qituvchilari va talabalari onlayn turk tili kurslarida qatnashmoqda. Dastur yakunida xalqaro sertifikat olgan ishtirokchilar Turkiyaning nufuzli oliy ta'lim muassasalarida akademik faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo'lishi ko'zda tutilgan.
Manba: UzA



