O'zbekistonda 40 yoshdan oshgan talabalar soni keskin oshdi
Milliy statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, 2025-2026 o'quv yilida O'zbekistonda 40 yosh va undan katta bo'lgan talabalar soni 53 mingdan oshdi.
O'zbekistonda oliy ta'lim olish va o'qishni davom ettirishda yosh chegarasi yo'qligini ko'rsatuvchi ko'rsatkichlar yildan-yilga o'sib bormoqda. Milliy statistika qo'mitasi taqdim etgan ma'lumotlarga ko'ra, mamlakatimizda 40 yosh va undan katta yoshdagi talabalar soni 53 ming nafardan ziyodga yetdi. Bu ko'rsatkich 2010-2011 o'quv yiliga nisbatan solishtirilganda 52 867 nafarga oshgani ma'lum bo'ldi. Dastlabki yillarda mazkur yosh toifasidagi talabalar soni ancha kam bo'lgan.
Yillar kesimidagi o'sish dinamikasi
Statistik ma'lumotlarga ko'ra, 2010-2011 o'quv yilida 40 yosh va undan katta yoshdagi talabalar bor-yo'g'i 616 nafarni tashkil etgan. Keyingi yillarda bu yo'nalishdagi o'zgarishlar quyidagi ko'rinishni olgan:
- 2010-2011 - 616 nafar
- 2015-2016 - 170 nafar
- 2016-2017 - 174 nafar
- 2017-2018 - 2 142 nafar
- 2018-2019 - 7 004 nafar
- 2019-2020 - 9 751 nafar
- 2020-2021 - 10 110 nafar
- 2021-2022 - 10 531 nafar
- 2022-2023 - 20 247 nafar
- 2023-2024 - 36 113 nafar
- 2024-2025 - 44 022 nafar
- 2025-2026 - 53 483 nafar
Ma'lumotlardan ko'rinib turibdiki, 2022-2023 o'quv yilida mazkur toifadagi talabalar soni ilk bor 20 mingdan oshgan bo'lsa, keyingi o'quv yillarida bu raqam jadal sur'atlar bilan o'sib, 2025-2026 o'quv yiliga kelib 53 483 nafarga yetgan.
Manba: Kun.uz



