O'zbekistonda ingliz tili o'qituvchilarini tayyorlash tizimi modernizatsiya qilinmoqda
Poytaxtda ingliz tili o'qituvchilarini tayyorlovchi oliy ta'lim muassasalari vakillari ishtirokida PRESETT milliy forumi o'tkazilmoqda.

Britaniya Kengashi O'zbekistonda ingliz tili ta'limini yanada rivojlantirish hamda bo'lajak pedagoglarni tayyorlash (PRESETT) yo'nalishidagi islohotlarni faol qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Ushbu muhim tashabbuslar Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirliklari bilan yaqin hamkorlikda hayotga tatbiq etilmoqda.
PRESETT milliy forumi va muhokama qilinayotgan masalalar
Shu kunlarda Toshkent shahrida ingliz tili o'qituvchilarini tayyorlash faoliyati bilan shug'ullanuvchi 50 dan ortiq davlat va nodavlat oliy ta'lim muassasalari vakillari jam bo'lgan PRESETT milliy forumi o'tkazilmoqda. Mazkur tadbir davomida bo'lajak mutaxassislarni tayyorlashdagi eng ustuvor yo'nalishlar, sohadagi mavjud muammolar chuqur tahlil qilinmoqda. Shuningdek, refleksiv amaliyot hamda inklyuziv ta'lim tamoyillarini o'quv dasturlariga muvaffaqiyatli integratsiya qilish masalalari atroflicha muhokama etilmoqda.
Yangi milliy platforma ishga tushiriladi
Islohotlar doirasida joriy yilning 8 yanvar kuni yana bir muhim qadam tashlanishi ko'zda tutilgan. Xususan, Britaniya Kengashi va A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti o'rtasidagi hamkorlik natijasida pedagoglarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini ta'minlovchi “CPD Xab” nomli milliy platformani ishga tushirish rejalashtirilgan.
Manba: UzA



