Xorijda ishlash uchun til sertifikati va boshqa xarajatlar qoplab beriladi
Migratsiya agentligi xorijga uyushgan holda ketayotgan fuqarolarga til sertifikati, viza va chipta xarajatlari uchun kompensatsiya to'laydi.
Xorijda ish tizimida ro'yxatdan o'tgan va tashkillashtirilgan tartibda chet elga ishga ketayotgan fuqarolarga qator xarajatlar uchun kompensatsiya ajratiladi. Jumladan, xorijiy til va kasb bo'yicha imtihonni muvaffaqiyatli topshirib, tegishli sertifikatni qo'lga kiritgan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarigacha mablag' beriladi. Ishchi vizani rasmiylashtirish uchun BHMning 5 baravarigacha, yo'l chiptasini xarid qilish uchun esa BHMning 2 baravarigacha kompensatsiya taqdim etiladi.
Ayni paytdagi me'yorlarga ko'ra, bazaviy hisoblash miqdori 2025 yil 1 avgustdan boshlab 412 000 so'm etib belgilangan.
Shunga asosan, mazkur kompensatsiyalarning eng yuqori miqdori quyidagicha hisoblanadi:
- Til va kasb sertifikati uchun 3 BHMgacha — 1 236 000 so'mgacha;
- Ishchi viza uchun 5 BHMgacha — 2 060 000 so'mgacha;
- Yo'l chiptasi uchun 2 BHMgacha — 824 000 so'mgacha.
Shu bilan birga, 2025 yilda kompensatsiya to'lovlarini olishga ulgurmagan fuqarolarga tegishli mablag'lar 2026 yil 9 yanvarga qadar arizada ko'rsatilgan plastik karta raqamiga to'liq o'tkazib berilishi ma'lum qilindi.
Manba: Kun.uz

