O'zbekistonda inklyuziv ta'lim sinflari mavjud maktablar soni oshiriladi
O'zbekistonda alohida ta'lim ehtiyojlariga ega bolalar uchun inklyuziv sinflar va shart-sharoitlar kengaytirilmoqda.

Yurtimizda alohida ta'lim ehtiyojlariga ega bo'lgan bolalarning ta'lim olishi, jamiyatga moslashishi hamda ijtimoiylashuvi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda inklyuziv ta'lim sinflari joriy etilgan maktablar soni 2 ming 610 taga, qamrab olingan alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar soni esa 6,8 ming nafarga yetgan. Yangi o'quv yilidan bu ko'rsatkichni 3 ming 249 ta maktab va 8,5 ming nafar o'quvchiga yetkazish rejalashtirilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta'lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo'mitasi tomonidan o'tkazilgan “Umumta'lim maktablarida alohida ta'limga ehtiyoji bo'lgan bolalarga yaratilayotgan shart-sharoitlar va istiqboldagi rejalar” mavzusidagi davra suhbatida sohadagi ishlar tahlil qilindi. Tadbirda ta'kidlanganidek, bolalar uchun qulay va xavfsiz ta'lim muhitini yaratish maqsadida 1 ming 778 ta maktabda “to'siqsiz muhit” tashkil etilgan bo'lib, 1 ming 171 dan ortiq maktabda korreksion xonalar faoliyati yo'lga qo'yilgan.
Maktabgacha ta'lim va uyda o'qitish tizimi
Maktabgacha ta'lim tizimida ham inklyuziv yondashuv kengaymoqda. 2025-yil yanvaridan tajriba-sinov tariqasida boshlangan ishlar natijasida hozirda 248 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida 519 ta inklyuziv guruh faoliyat yuritmoqda va ularga 1 ming 753 nafar alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bola jalb etilgan.
Shuningdek, uyda ta'lim olayotgan bolalarni ta'limga jalb etishga ham alohida e'tibor berilyapti. O'rganishlar natijasida 2 ming 290 nafar o'quvchi ommaviy sinflarda, 3 ming 788 nafari inklyuziv ta'lim sinflarida o'qish istagini bildirgan. Bugunga qadar 1,5 ming nafar bola maktablarning umumiy sinflariga qabul qilingan, qolgan 883 nafar bolani esa ta'limga jalb etish ishlari davom etmoqda.
“Mehrli maktab” loyihasi va istiqboldagi vazifalar
“Mehrli maktab” tizimi uzoq muddatli davolanishga muhtoj bolalar uchun muhim ijtimoiy loyihaga aylangan bo'lib, hozirga qadar ushbu muassasa va uning hududiy filiallari tomonidan 31 ming 209 nafar bolaga ta'lim-tarbiya xizmatlari ko'rsatilgan. Joriy yilda “Mehrli maktab”ning Samarqand viloyati filiali faoliyatini kengaytirish rejalashtirilgan.
Davra suhbati davomida darsliklar va o'quv-metodik majmualarni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, umumta'lim maktablarida inklyuziv o'qitish markazlarini tashkil etish, ijtimoiy psixologlar, logopedlar va defektologlar tayyorlash borasida qator taklif va tavsiyalar berildi.
Manba: UzA


