O'zbekistonda maktab darsliklarini yangilash ishlari davom ettirilmoqda
O'zbekistonda maktablar uchun yangi avlod darsliklarini joriy etish va ta'lim mazmunini takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta'limida yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta'limni tashkil qilish, shuningdek, Lyaonin pedagogika universitetining O'zbekistondagi filiali faoliyatini yo'lga qo'yish yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi.
Darsliklarni yangilash va xalqaro tajriba
Yangi O'zbekiston maktab bitiruvchisi portretida bilim bilan bir qatorda zamonaviy ko'nikmalar, axborot texnologiyalarini puxta egallash, ijodiy va mustaqil fikrlash, qaror qabul qilish qobiliyati muhim o'rin tutadi. Darsliklar va ta'lim mazmunini yangilash ishlari ana shu maqsadga qaratilgan. Yangi o'quv adabiyotlarini tayyorlashda xalqaro tajribaga murojaat qilindi. Boshlang'ich sinf darsliklari Finlyandiya ta'lim alyansi sertifikatidan o'tgan, 5-7-sinflarning matematika, fizika, kimyo va biologiya darsliklari Singapur darsliklari asosida ishlab chiqildi.
Yangi yondashuvda o'quvchining har bir sinf yakunida nimani bilishi va bajara olishi aniq belgilanadi. Ta'lim standarti, o'quv dasturi, darslik va baholash o'zaro bog'liq holda shakllantirilib, mavzularning yoshga mosligi, izchilligi hamda bilimni amalda qo'llash imkoniyatiga e'tibor qaratiladi. 2027-yilga qadar jami 1 ming 342 nomdagi darslik va o'quv-metodik materialni tayyorlash rejalashtirilgan.
Amaliy ko'nikmalar va savodxonlik
Darsliklarda tanqidiy fikrlash, muloqot, hamkorlik va ijodkorlik ko'nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan topshiriqlar o'rin olmoqda. Bola tayyor javobni eslab qolish bilan cheklanmay, savol berishi, ma'lumotni tahlil qilishi, o'z fikrini asoslashi va birgalikda yechim topishi ko'zda tutilgan. O'quv materiallarida kasbga yo'naltirish ham alohida o'rin egallaydi. Ayni yo'nalishda 255 ta dars ishlab chiqilib, ular bolalarga o'z qiziqishlarini anglash va kelgusida kasbni ongli tanlashga yordam berishga qaratilgan. Darsliklardagi qahramonlar orqali do'stlik, mas'uliyat, jasorat va hurmat kabi qadriyatlar ham bolalarga yaqin misollarda ochib beriladi.
Ekologik savodxonlikka oid 300 dan ortiq mavzu suvni tejash, tabiatni asrash va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish ko'nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Moliyaviy savodxonlik bo'yicha pulni hisoblash, tejash, jamg'arish hamda xaridni rejalashtirish, raqamli savodxonlik bo'yicha esa internetdan foydali va xavfsiz foydalanish masalalari qamrab olingan.
Taqdimotda yangi darsliklarning samarasi o'qituvchining ular bilan ishlashga tayyorligiga bevosita bog'liq ekaniga alohida e'tibor qaratildi. Shuning uchun o'zgarishlar maktabgacha ta'limdan boshlab pedagoglarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va o'quvchilar bilimini baholashgacha bo'lgan jarayonni qamrab olmoqda.
Manba: Kun.uz


