O'zbekistonda maktab o'quvchilari uchun maxsus choraklik stipendiya ta'sis etildi
O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi maktab o'quvchilari uchun maxsus choraklik stipendiya joriy qildi.

O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan yurtimizdagi umumta'lim maktablari o'quvchilari uchun maxsus choraklik stipendiya joriy etildi.
Stipidiyaning asosiy maqsadi va yo'nalishlari
Mazkur tashabbus o'quvchilarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, iste'mol madaniyatini oshirish, yoshlar o'rtasida jamoatchilik nazorati tizimi va uni amalga oshirish mexanizmlari haqidagi tushunchalarni kengaytirishga qaratilgan. Shuningdek, iqtidorli va ijtimoiy faol o'quvchilarni qo'llab-quvvatlash, yoshlar orasida iste'molchilar huquqlariga bo'lgan qiziqishni rag'batlantirish hamda kelajakda soha uchun malakali kadrlar tayyorlashga zamin yaratish asosiy maqsadlardan hisoblanadi.
Dastlab ushbu stipendiya respublikadagi chekka hududlar hisoblangan Mo'ynoq, Tomdi va So'x tumanlarida joylashgan umumta'lim maktablarida joriy etilishi belgilandi.
Tartib va joriy etilish jarayoni
Tashabbus O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov tomonidan ilgari surilib, Federatsiya Kengashi a'zolari muhokamasidan so'ng ko'pchilik ovoz bilan ma'qullandi. Shu asosda tegishli Nizom ishlab chiqilib, unda stipendiya olish shartlari, tanlovni o'tkazish tartibi hamda baholash mezonlari aniq belgilab qo'yildi.
Eslatib o'tamiz, maxsus stipendiya har chorakda, ya'ni har uch oyda bir marotaba iqtidorli va faol o'quvchilarga taqdim etiladi. Ushbu tashabbus iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada mustahkamlash, yoshlar o'rtasida huquqiy ong va iste'mol madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishi bilan birga, chekka hududlardagi iqtidorli o'quvchilarni rag'batlantirishga qaratilgan uzoq muddatli investitsiya sifatida ahamiyat kasb etadi.
Manba: UzA


