Maktablarda qogoz kundalik va jurnallarga qaytilishi haqidagi xabarlarga oydinlik kiritildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maktablarda qogoz kundaliklar va sinf jurnallariga qaytilishi haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda umumta'lim maktablarida an'anaviy qogoz kundaliklar hamda sinf jurnallari qaytadan joriy etilayotgani haqida turli xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Elektron jurnal tizimi va uning afzalliklari
Bugungi kunda mamlakatimizdagi barcha maktablarda o'quvchilarning davomati va o'zlashtirish ko'rsatkichlari e-maktab.uz elektron jurnal tizimi orqali yuritilib kelinmoqda. Ushbu platformani joriy etishdan asosiy maqsad o'qituvchilar zimmasidagi ortiqcha ish yuklamasini qisqartirish hamda o'quv jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etishdan iborat. Bu tajriba xalqaro miqyosda ham o'zini to'la oqlagan.
Obuna narxi va shaffoflik
Hozirgi vaqtda ota-onalar uchun e-maktab.uz platformasining bir kalendar yillik obuna narxi 5000 so'mni tashkil qiladi. Mazkur qiymat yildan yilga pasayib bormoqda, masalan, 2020 yilda bu ko'rsatkich 9200 so'm bo'lgan. Ushbu raqamlashtirish tizimi tufayli ota-onalar farzandlarining o'qishini masofadan turib kuzatib borish imkoniyatiga ega bo'ldi va baholash jarayonida shaffoflik ta'minlandi. Shu bilan birga, pedagoglarning qog'ozbozlikka bog'liq ishlari sezilarli darajada kamaydi.
Raqamlashtirish jarayoni davom etadi
Vazirlik ma'lumotiga ko'ra, ta'lim muassasalariga qog'oz shakldagi kundalik va sinf jurnallariga qaytish yuzasidan hech qanday ko'rsatma berilmagan. Respublikamizda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish ishlari ortga qaytmas tus olgan.
Manba: UzA


