O'zbekistonda maktab o'quvchilari uchun Prezident sovrinli yangi tanlov tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan umumiy o'rta ta'lim muassasalari o'quvchilari uchun "Ilg'or muhandislik maktabi" milliy tanlovini o'tkazish tartibi tasdiqlandi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun "Ilg'or muhandislik maktabi" milliy tanlovini tashkil etish va o'tkazish tartibi tasdiqlandi. Ushbu nufuzli bellashuv maktablar jamoalari o'rtasida har yili uch bosqichda tashkil etiladi.
Tanlovni tashkil etish tartibi va ishtirokchilar
Ma'lum qilinishicha, musobaqa har yili tuman (shahar), Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda respublika miqyosida o'tkaziladi. Tanlovda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tizimidagi maktablarning 8, 9 va 10-sinf o'quvchilari ishtirok etishi mumkin. Vazirlik huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar esa mazkur tanlovga jalb etilmaydi. Fan olimpiadalari markazi tanlovni tashkil etish bo'yicha mas'ul ishchi organ etib belgilandi.
Har bir maktabdan faqat bitta terma jamoa qatnashadi. Jamoa quyidagi tarkibda shakllantiriladi:
- 8-10-sinfning 5 nafar o'quvchisi;
- 1 nafar fizika fani o'qituvchisi.
Shuningdek, innovatsion texnoparkka ega bo'lgan maktablarda fizika fani o'qituvchisiga tenglashtirilgan holda 1 ta shtat birligida laborant lavozimi kiritiladi.
Maxsus platforma va tayyorgarlik jarayoni
Ikki oy muddat ichida ishtirokchi maktablarni ro'yxatdan o'tkazish uchun maxsus platforma yaratiladi. Bu tizim orqali o'qituvchilarning malaka toifa sertifikatlari, o'quvchilarning milliy va xalqaro sertifikatlari hamda fizika fanidan mahalliy va xalqaro olimpiadalardagi ishtiroki baholanadi.
Qarorga ko'ra, muhandis kadrlar tayyorlaydigan ta'lim tashkilotlariga biriktiriladigan muhandislik maktablari ro'yxati tasdiqlandi. Unga ko'ra, texnikumlar o'quvchilarni sanoat korxonalariga ekskursiyaga olib borish, kasb egalari bilan uchrashuvlar tashkil etish hamda amaliy darslarga jalb qilish ishlarini amalga oshiradi.
G'oliblarga beriladigan imtiyozlar
Eslatib o'tamiz, avvalroq qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq, tanlab olingan ushbu tashabbus doirasida quyidagi mukofotlar ko'zda tutilgan:
- Respublika bosqichi g'oliblari uchun xorijiy davlatlarga ta'lim sayohati tashkil etiladi;
- Respublika bosqichida 1-o'rinni qo'lga kiritgan maktabga Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan muhandislik laboratoriyalari jamlanmasiga ega innovatsion texnopark tashkil etish uchun 1 mlrd so'm ajratiladi.
Manba: UzA


