O'zbekistonda pedagog xodimlarga qonunchilikda qanday imtiyoz va kafolatlar berilgan?
O'qituvchilarning mehnati qonun bilan himoyalanib, ularga tibbiy ko'rik, 56 kunlik ta'til, ustamalar va qator ijtimoiy imtiyozlar belgilangan.

Mamlakatimizda o'qituvchilarning mehnatini munosib qadrlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Ustoz va murabbiylar kuni arafasida pedagoglarga qonunchilikda belgilangan asosiy imtiyoz hamda kafolatlarni yana bir bor eslatib o'tish maqsadga muvofiqdir.
Pedagoglar uchun mehnat sharoitlari va ijtimoiy kafolatlar
Ta'lim-tarbiya berayotgan pedagog xodimlar belgilangan tartibda doimiy ravishda bepul tibbiy ko'rikdan o'tkaziladi. Shuningdek, ularga 56 kalendar kunlik yillik haq to'lanadigan uzaytirilgan mehnat ta'tili taqdim etiladi. O'qituvchilar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga ko'pi bilan 36 soat etib belgilangan bo'lib, bu ularning mehnat yuklamasini qonuniy tartibga soladi. O'qituvchi kasal bo'lib qolgan holatlarda ham ijtimoiy himoyasi nazarda tutilgan bo'lib, ayrim vaziyatlarda moddiy yordam ko'rsatish mexanizmlari mavjud.
Maktablarda faolligi, tashabbuskorligi va o'rnakli mehnati bilan ajralib turadigan o'g'il-qizlarni o'qitayotgan pedagoglarni rag'batlantirish mexanizmlari ham yo'lga qo'yilgan. Xususan, respublika fan olimpiadasi g'oliblarini tayyorlagan pedagoglarning malaka toifasi bir pog'ona oshiriladi. Hududiy omillar ham e'tibordan chetda qolmagan bo'lib, olis hududlarda faoliyat yuritayotgan o'qituvchilarga 50 foizgacha ustama to'lanishi belgilangan. Inklyuziv sinflarda dars berayotgan va qo'shimcha mehnat yuklamasiga ega bo'lgan pedagoglarga esa 40 foizgacha ustama to'lanishi mumkin.
Qo'shimcha imtiyozlar va kasbiy faoliyat himoyasi
Qonunchilikka ko'ra, o'qituvchilarning farzandlari uchun kontrakt to'loviga 30 foiz chegirma berilishi belgilangan. Shuningdek, pedagoglarga ayrim davlat xizmatlarini ko'rsatishda 50 foiz chegirma taqdim etiladi. Tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan professor-o'qituvchilarga ham davolash-tashxis ishlarini bajarganliklari uchun qo'shimcha haq to'lanadi.
Ta'lim sohasini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan rag'batlantiruvchi tadbirlardan yana biri "Xorijiy tillarni o'qitish bo'yicha eng yaxshi maktab" tanlovi bo'lib, uning g'olibiga 500 million so'm miqdorida mablag' ajratilishi ko'zda tutilgan. Pedagoglarning kasbiy faoliyati ham qonuniy himoya ostida bo'lib, ularning qonuniy faoliyatiga aralashish, asossiz ravishda boshqa ishlarga jalb qilish yoki vazifalarini bajarishiga to'sqinlik qilish qat'iyan taqiqlanadi va javobgarlikka sabab bo'ladi.
Manba: UzA


