O'zbekistonda "Yangi avlod" maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog'i ish boshlaydi
Prezident farmoniga asosan Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o'z ichiga olgan "Yangi avlod" bog'chalari tarmog'i tashkil etiladi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Maktabgacha ta'lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoniga muvofiq, Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o'z ichiga olgan "Yangi avlod" maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog'i tuziladi. Ushbu ta'lim maskanlari davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti sifatida faoliyat yuritib, ilg'or xorijiy tajribalar asosida o'yinga asoslangan ta'lim jarayonlarini amalga oshiradi.
Yangi bog'chalar va xodimlar uchun ustamalar
Bunday ta'lim maskanlari 2026-2028-yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bittadan tashkil etiladi. Mazkur maskanlarning rahbar va pedagog xodimlari, jismoniy tarbiya yo'riqchisi, musiqa rahbarlari, psixolog hamda tarbiyachi yordamchilarining tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida Davlat byudjetidan har oylik qo'shimcha ustama joriy etiladi. Bunda ma'muriy-boshqaruv va pedagog xodimlar lavozimiga qabul qilish oliy ma'lumotli, yuqori salohiyatli nomzodlar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi. Yangi tashkil etilgan davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga, birinchi navbatda, oliy ma'lumotli tarbiyachilar ishga qabul qilinadi.
Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlarida bolalarning yoshi va rivojlanish bosqichlariga mos ravishda ijod va san'at, fan va matematika, jismoniy faollik va sarguzasht, til va tasavvur hamda robototexnika va ilk algoritmlash yo'nalishlarida tematik o'yingohlar tashkil etiladi. Shuningdek, simulyatsion vaziyatlar orqali bolalarda kasblarga qiziqish uyg'otish va ekologik madaniyatni shakllantirish kabi yo'nalishlar bo'yicha ta'lim-tarbiya jarayoni amalga oshiriladi. Sobaviy oliygoh, malaka oshirish va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda ilg'or pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish yuzasidan tadqiqotlar olib borilib, ularning natijalari pedagoglar va ota-onalar o'rtasida ommalashtiriladi.
Kadrlar tayyorlash tizimidagi o'zgarishlar
2026/2027 o'quv yilidan boshlab quyidagi tartiblar joriy etiladi:
- pedagogika oliy ta'lim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang'ich ta'lim yo'nalishi bo'yicha bakalavrlarni tayyorlash xalqaro ilg'or tajribalarga mos ravishda takomillashtirilgan ta'lim dasturlari asosida amalga oshiriladi;
- Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o'rta maxsus ma'lumotli pedagog kadrlar uchun tegishli oliy ta'lim tashkilotlarida dual ta'lim shaklida maktabgacha ta'lim yo'nalishida to'lov-shartnoma asosida bakalavrlar tayyorlash yo'lga qo'yiladi;
- dual ta'lim jarayonida bir kun pedagogika oliy ta'lim tashkilotida, besh kun maktabgacha ta'lim tashkilotida o'qish tashkil etilib, talabalarning amaliy faoliyatini metodik ta'minlash, muvofiqlashtirish va baholash mexanizmlari qo'llaniladi.
Manba: UzA


