O'zbekistonda maktabgacha ta'lim va tarbiya tizimini takomillashtirish bo'yicha farmon imzolandi
O'zbekistonda maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan farmon imzolandi. 2027/2028 o'quv yilidan boshlab qator yangiliklar joriy etiladi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti “Maktabgacha ta'lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonni imzoladi. Mazkur hujjat sohaga oid yangi vazifalar va islohotlarni belgilab berdi.
Asosiy maqsadlar va yangi mexanizmlar
Qabul qilingan farmonga ko'ra, maktabgacha yoshdagi bolalarni intellektual, ma'naviy-axloqiy, ijodiy va jismoniy jihatdan har tomonlama yetuk shaxs sifatida rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish asosiy vazifa etib belgilandi. Shuningdek, ta'lim-tarbiya jarayonini ilg'or tajribalar asosida innovatsion texnologiyalar yordamida tashkil etish, sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish hamda nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog'ini kengaytirish uchun qo'shimcha rag'batlantirish mexanizmlari joriy etilishi ko'zda tutilgan.
Shu bilan birga, hujjatda quyidagi yo'nalishlar belgilandi:
- bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta'lim dasturini majburiy umumiy o'rta ta'limning dastlabki bosqichi sifatida kiritish;
- bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berishni ijobiy munosabatlar orqali amalga oshirish maqsadida o'yinga asoslangan ta'limni joriy etish;
- Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o'z ichiga olgan "Yangi avlod" maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog'ini tashkil etish.
Tayyorlov guruhlari va nodavlat sektor
Bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta'lim dasturlari maktabgacha ta'lim tashkilotlari, umumiy o'rta ta'lim maktablari va boshqa ijtimoiy soha obyektlarida to'liq yoki qisqa muddatli guruhlar shaklida amalga oshiriladi. Shuningdek, maktabgacha va umumiy o'rta ta'lim xizmatlarini ko'rsatuvchi nodavlat ta'lim tashkilotlariga ham bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etish huquqi beriladi.
2027/2028 o'quv yilidan boshlab maktabga tayyorlov guruhlarida ta'lim jarayonlari oliy ma'lumotli pedagoglar, shuningdek, oliy ta'lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari tomonidan olib boriladi. Ushbu guruhlarda ta'lim-tarbiya olgan bolalarga bir yillik maktabga tayyorlovdan o'tganlik haqida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi hamda bu ma'lumotlar umumiy o'rta ta'lim to'g'risidagi shahodatnomada qayd etiladi. Bundan tashqari, 2027/2028 o'quv yiliga qadar bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta'lim dasturi majburiy umumiy o'rta ta'limning dastlabki bosqichi sifatida kiritilishini inobatga olgan holda uning qayta ko'rib chiqilishi ta'minlanadi.
Manba: UzA

