O'zbekistondagi barcha ta'lim muassasalarining xavfsizlik va qo'riqlash tizimi kuchaytiriladi
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko'ra, respublikadagi ta'lim maskanlarida xavfsizlik va qo'riqlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlat va nodavlat ta'lim muassasalari hamda xorijiy OTM filiallarining xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha maxsus qaror qabul qilindi. Ushbu hujjat ta'lim-tarbiya jarayoni qatnashchilarining xavfsizligini kafolatlash hamda sohadagi qonunchilikni zamonaviy talablarga moslashtirishga qaratilgan.
Yangi tartib va konsepsiya
Qaror bilan davlat ta'lim muassasalari, nodavlat va xorijiy filiallarda qo'riqlash faoliyatini tashkil etish tartibi haqidagi nizom tasdiqlandi. Shuningdek, 2026-2027-yillarga mo'ljallangan "Xavfsiz ta'lim" konsepsiyasini amalga oshirish dasturi ma'qullandi. Ta'lim maskanlari hududida xavfsizlikni tashkil etish uchun bevosita rahbarlar mas'ul etib belgilandi.
Texnik vositalar va aloqa tarmoqlari
Tarkibida ta'lim muassasasi bo'lgan idoralar Ichki ishlar vazirligining talablariga asosan yuqori tezlikdagi telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishini ta'minlashi kerak. Raqamli texnologiyalar vazirligiga mavjud internet tarmog'iga xalaqit bermaydigan alohida maxsus aloqa kanalini tashkil etish vazifasi yuklatildi.
Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar hamkorligida ta'lim maskanlariga qo'riqlash signalizatsiyalari va "tashvish" tugmalari o'rnatiladi. Ular Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo'riqlash departamentining markaziga shartnoma asosida bosqichma-bosqich integratsiya qilinadi.
Yo'l xavfsizligi va qo'shimcha shartlar
Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari uch oy muddat ichida muhim chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Serqatnov yo'llar yoqasida joylashgan va yo'l-transport hodisalari sodir etilayotgan muassasalar atrofida piyodalar uchun "yashil yo'laklar" tashkil etilib, transportlar harakati cheklanadi.
Tasdiqlangan nizom umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasbiy va oliy ta'lim muassasalarini qamrab olib, ularni videokuzatuv va yong'in signalizatsiyalari bilan jihozlash tartibini belgilaydi. Mazkur talablar maktabgacha ta'lim muassasalariga hamda alohida idoraviy standartlarga ega tashkilotlarga tatbiq etilmaydi. Nodavlat va xorijiy filiallar esa xavfsizlik tizimini tashkil etishda mazkur nizondan ixtiyoriy ravishda foydalanishi mumkin.
Manba: UzA