Ta'lim tizimi faqat tayyor bilim berish bilan cheklanmasligi kerak - Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro ta'lim forumi ishtirokchilariga yo'llagan tabrigida ta'limdagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
O'zbekiston prezidenti 28-oktabr kuni Toshkent shahrida o'tkazilgan Markaziy Osiyo xalqaro ta'lim forumi qatnashchilariga tabrik yo'lladi. Murojaatda mintaqa mamlakatlarining kelgusi rivoji ta'lim sohasidagi islohotlar va o'zaro hamkorlik natijalariga bog'liqligi ta'kidlandi. Davlat rahbari qariyb 85 million aholi yashaydigan Markaziy Osiyoning demografik salohiyatini intellektual kuchga aylantirishning eng samarali yo'li sifatli hamda zamonaviy ta'lim ekanini qayd etdi.
Ta'lim yangi kasblarga tayyorlashi zarur
Shavkat Mirziyoyevning so'zlariga ko'ra, kelgusi o'n yilda ko'plab kasblarga munosabat o'zgarib, mutlaqo yangi ixtisosliklar maydonga chiqadi. Shu sababli ta'lim tizimi faqatgina tayyor bilim berish bilan kifoyalanmasdan, yoshlarda mustaqil fikrlash, ijod qilish, mas'uliyatni his etish va butun umr davomida yangilikka intilib, o'rganib yashash ko'nikmalarini shakllantirishi lozim.
Buning uchun o'qituvchi va murabbiylar maqomini oshirish, ta'lim mazmunini yangilash hamda yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan kasblarga yo'naltirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shuningdek, maktab, texnikum, universitet va ishlab chiqarish o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga e'tibor qaratilishi bildirildi.
Maktabgacha ta'limdan ilm-fanga qadar uzviylik
Prezident yaqinda qabul qilingan farmon bilan maktabgacha va maktab ta'limi, kasbiy hamda oliy ta'lim va ilm-fan boshqaruvi yagona tizimga birlashtirilganini eslatib o'tdi. Unga ko'ra, asosiy maqsad bolaning dastlabki bilim olishidan yetuk mutaxassis yoki olim bo'lib shakllanishigacha bo'lgan bosqichlarning uzviy bog'liqligini ta'minlashdan iborat.
Shu bilan birga, qizlar, qishloq va chekka hududlardagi bolalar, alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish muhim vazifa etib belgilandi. Sun'iy intellekt, raqamli texnologiyalar va zamonaviy muhandislikni rivojlantirish, oliy o'quv yurtlarini ilmiy ixtiro hamda ishlanmalar markaziga aylantirish hamda yosh tadqiqotchilarni qo'llab-quvvatlashga alohida urg'u berildi. Mintaqa universitetlari o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligi ham qayd etildi.
Manba: Kun.uz