Toshkent kimyo-texnologiya instituti bitiruvchilariga diplomlar topshirildi
Toshkent kimyo-texnologiya institutining 2025-2026 o'quv yili bitiruvchilariga tantanali ravishda diplomlar topshirildi.

Toshkent kimyo-texnologiya institutida 2025-2026 o'quv yili bitiruvchilariga diplomlarni tantanali topshirish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirda ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari va vakillari, prorektorlar, fakultet dekanlari, professor-o'qituvchilar, faxriy ustozlar, bitiruvchilarning ota-onalari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so'zga chiqqan “O'zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Odiljon Temirov va Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Botir Usmonov bitiruvchilarni oliy ta'limni muvaffaqiyatli tamomlaganliklari bilan samimiy muborakbod etdi. Bugungi bitiruvchilar mamlakatimiz kimyo, oziq-ovqat texnologiyalari, farmatsevtika, energetika hamda sanoatning boshqa muhim tarmoqlarini rivojlantirishda munosib hissa qo'shadigan, zamonaviy bilim va amaliy ko'nikmalarga ega mutaxassislar ekani alohida ta'kidlandi.
Sanoat va ilm-fan uyg'unligi
Kimyo sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Bu soha sanoat ishlab chiqarishi, eksport salohiyatini oshirish, import o'rnini bosuvchi mahsulotlar yaratish hamda yuqori qo'shimcha qiymat beruvchi loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur yo'nalish uchun zamonaviy bilim, innovatsion fikrlash va amaliy ko'nikmali kadrlarni tayyorlash har doim dolzarb vazifa bo'lib qoladi.
Tadbir davomida yoshlarga o'z kasbiga sadoqat bilan yondashish, doimiy izlanish olib borish, innovatsion g'oyalarni amaliyotga keng joriy etish hamda Yangi O'zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo'shish muhimligi uqtirildi. Shuningdek, yosh mutaxassislar qayerda mehnat faoliyatini boshlashidan qat'i nazar, institutning munosib vakili sifatida uning yuksak obro'sini saqlab qolishi va yuksaltirishi lozimligi ta'kidlandi. Yakunda bitiruvchilarga diplomlar topshirildi.
Manba: UzA



